Iqtisodiyot | 10:28 / 23.01.2017
11952
2 daqiqa o‘qiladi

«Yashil haftalik-2017»: O‘zbekistonlik eksportchilar ko‘rgazma ilk kunlarida 10 million dollarlik shartnomalar imzolashdi

Berlinda 82-oziq-ovqat sanoati, bog‘dorchilik, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi Xalqaro savdo ko‘rgazmasi - IGW Berlin Yashil haftalik 2017 bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmada dunyoning 60 davlatidan bo‘lgan 1 800 dan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda, taxminan 380 ming kishi  tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zagroeksport» Kun.uz’ga xabar berdi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi ishbilarmonlari manfaatlarini o‘zida ifoda etgan milliy stend ham taqdim etilgan.

Ko‘rgazmaning birinchi kunida bir qator xorijiy kompaniyalar, jumladan Same Deutz-Fahr (Germaniya), Euro Asia (Germaniya), Abgeordnetenhaus (Germaniya), GlobusMax (Polsha), Better International Trade (Buyuk Britaniya), Urumqi Tongyale International Trade (Xitoy), Go Nuts & Fruits F.Z.E (BAA), Florry Business LP (Buyuk Britaniya) vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Yuqorida nomlari keltirilgan kompaniya vakillari O‘zbekistondan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirishdi.

O‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra qiymati 10,170 million AQSh dollari bo‘lgan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotini yetkazib berish bo‘yicha eksport shartnomalari imzolandi.

«Yashil haftalik-2017» Xalqaro ko‘rgazmasi 29 yanvarga qadar davom etadi.

 

Mavzuga oid