O‘zbekiston | 17:39 / 24.01.2017
7945
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Elektron litsenziyalash portali ishga tushadi

O‘zbekistonda yaqin uch oy ichida Elektron litsenziyalash portali ishga tushadi, deb yozmoqda Sputnik agentligi. Ushbu portalni ishga tushirish O‘zbekistonda 2021 yilga qadar rivojlantirish talab etilayotgan beshta asosiy yo‘nalishdan biridir. Elektron litsenziyalash portali bugungi kunda sinov tartibida ishga tushirilgan. Bu haqda agentlik muxbiriga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Shermatov ma'lum qilgan.

“Respublikada bugungi kunda litsenziyalashning ma'lum turlari bor. Davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan litsenziyalash xizmati har doim ham oshkora va to‘g‘ri amalga oshirilmaydi. Ushbu jarayonga sub'yektiv omillar ta'sir  qilish holati ko‘p uchraydi. Bizning vazifamiz sub'yektivlikni yo‘q qilish va xizmatni belgilangan muddatda amalga oshirish”, — degan Sherzod Shermatov.  

Uning so‘zlariga qaraganda, Portal litsenziyalar va ruxsatnomalar berishning davlat tashkilotlariga bog‘liq bo‘lmagan, markazlashgan tizimini tashkil qilishga yordam beradi. Portal ishga tushgach, turli litsenziya va ruxsatnomalarning 40 xilini olish mumkin bo‘ladi. 2019 yilga kelib, Portal orqali O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan barcha turdagi litsenziyalarni berish joriy etiladi. 

“Bundan avval, har bir davlat tashkiloti litsenziya olish uchun topshirilgan arizani o‘z jurnalida ro‘yxatdan o‘tkazar edi. Tashkilot qonunda belgilangan 15 kun ichida javob bera olmasdi, chunki bu bilan shug‘ullanishga hech kimning vaqti yo‘q edi. Portal paydo bo‘lishi bilan zamonaviy eletkron tizim ishga tushadi va kim qayerda qanday qonunbuzarlik qilayotgani yaqqol ko‘rinadi”, — deb ta'kidlagan Shermatov.

Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – tadbirkorlar uchun biznes-muhitni yaxshilashdir. Loyihani amalga oshirish uchun faqat ushbu yil davomida 80 million so‘m ajratilgan. Texnik jihatdan qilinadigan ishlarning aksariyati bajarib bo‘lingan. Endilikda, davlat tashkilotlarini Portal bilan ishlashga tayyorlash lozim. 

Eslatib o‘tamiz, oxirgi 5 yil ichida O‘zbekistonda olinadigan ruxsatnomalarning 80 xili, litsenziyalarning 15 turi bekor  qilingan. Shuningdek, 65ta majburiy statistik ma'lumotnomalar bekor qilinib, 23 xil arizani ko‘rib chiqish muddati qisqartirildi. 

Ruxsatnoma berish jarayoni ikki baravar tezlashtirildi, ularning narxi esa — 5 baravar arzonlashtirildi. Soliq xizmatlarining 22 xil interaktiv turi ishga tushirildi. Buning evaziga tadbirkorlar vaqt va mablag‘larini tejash imkoniga ega bo‘lishdi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid