O‘zbekiston | 23:01 / 25.01.2017
41493
7 daqiqa o‘qiladi

"...bo‘lishi kutilmoqda", "bir kunda hal bo‘ladigan masala emas...": bu kabi so‘zlar bilan iqtisodiyot rivojlanarmikan?

Ma'lumki, 25 yanvar kuni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining navbatdagi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Mediahaftalikning 3-kun mavzusi: Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘ldi. 

Mediahaftalik doirasidagi tadbirlar taqdimot, savol-javob, takliflar sxemasi bo‘yicha o‘tkazilmoqda. Bugungi yo‘nalishga qiziqish bildirganlar juda ko‘pchilikni tashkil qilgani diqqatga sazovor, albatta. Odam ko‘pligidan zalga qo‘shimcha stullar qo‘yildi, lekin... tadbirning ikkinchi qismida tashrif buyurganlar soni kamaydi... 

Zalda yig‘ilganlar va  onlayn kuzatuvchilarda bu yo‘nalish bo‘yicha  savollar ko‘pligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Biroq... javoblar tadbirda ishtirok etgan aksariyatni qoniqtirmadi - ularda aniqlik yetishmadi. Bank tizimi, qishloq xo‘jaligi, xususiy mulk va tadbirkorlik, turizm borasidagi savollarga javob bergan spikerlarimiz savollarga javob berishda umumiylikka tayanib, aynan zarur jihatlarni chetlab o‘tishga harakat qilishdi. 

Turizm yo‘nalishi bo‘yicha savollar talaygina bo‘ldi, ammo Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasidan hech kim kelmadi, natijada Harkatlar strategiyasi borasida aholini qiziqtirgan bir qator savollar javobsiz qoldi... bu davlat miqyosidagi ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirga nisbatan mas'uliyatsizlik emasmi? 

Sog‘lom raqobat, davlat va xususiy korxonalarga berilayotgan imtiyozlar, turizm sohasida gidlarning savodsizligi, zarur ma'lumotlar bilan ta'minlash, bog‘dorchilik mahsulotlarini saqlashga doir savollar berildi. 

Shuningdek aholining og‘riqli nuqtasi - plastik kartochkalar, banklarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati to‘g‘risida aniq savollar bilan murojaat etildi. Spiker va ekspertlarimiz ularga javob berishga harakat qilishdi... lekin aniqlik yo‘q. 

Mutaxassislarimizning so‘zlariga ko‘ra, banklarda hech qanday cheklovlar yo‘q, murojaat qilgan kishiga muayyan miqdordagi naqd pul yechib beriladi, banklarda amalga oshirilgan operatsiyalarga qo‘shimcha pul olinmaydi va hokazo. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi - agar hammasi ular aytgandek bo‘lsa, nima uchun aholi hali-hanuz plastik karta bilan bog‘liq ko‘plab muammolarga duch kelmoqda? 

Harakatlar strategiyasiga bag‘ishlangan mediahaftalikning maqsadi nima? 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining maqsadi - olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, jamiyat va davlatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha barcha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish va hayotning barcha jabhalarini liberallashtirish. Shunday ekan, mavjud muammolar va kamchiliklar  ochiq-oydin muhokamaga qo‘yilsa, Strategiyalarda qayd etilayotgan shaffoflik ta'minlansa, ularni barataraf etish osonroq kecharmidi? 

To‘g‘ri, bunday mediahaftalik yurtimizda ilk bor o‘tkazilmoqda, ehtimol shuning uchun ko‘p savollarga noaniq javob berilgandir. Biroq kechagi tadbirda huquqshunoslarimiz o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifalarni, aniq loyihalar, faktlar, shu kungacha qilingan va bundan keyin amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq ma'lumotlar berishdi-ku! Nahot,  hurmatli iqtisodchilarimiz shunday javoblarni bera olishmasa?!

Shu o‘rinda Shveytsariya elchixonasida iqtisodiy ishlar bo‘yicha mutaxassisning savoli ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘ydi. 

Savol: "Shveytsariyadan olib kelinayotgan uskunalar qachon o‘zbekistonlik tadbirkorlarga konvertatsiya qilinadi? Shveytsariya investorlari O‘zbekistonga sarmoya kiritishga tayyor, qaysi davlat organi bu ishlar bilan shug‘ullanadi?! "Yeyilgan somsaga pul to‘lash vaqti kelmadimikan?"

Elchixona xodimi bu masalada davlat organlariga murojaat qilinganligi, lekin savol hali-hanuz ochiq qolayotganini ta'kidladi. Bir murojaatning ko‘rib chiqilishi shu qadar uzoqqa cho‘zilishiga sabab nima? "Muhim va o‘tkir savollarni chetlab o‘tilmasin, iltimos. Men Shveytsariya uchun aytmadim bu gapni, O‘zbekistonni rivojlantirish masalasi ko‘rilayotgani uchun aytdim. Bunday ketaversa, investorlar ham o‘ylab ish qiladigan bo‘ladi. Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalarni hal qilish kerak-ku, axir!", - deya ochiq muloqotga chorladi u.

Bunga javoban kimdir bu ishni bank hal qilmaydi desa, yana kimdir ba'zi kerakli hujjatlar taqdim etilmagan bo‘lsa, shu bois ishlar cho‘zilib ketishini aytishdi... Bunday javobdan qoniqmagan savol egasi "Markaziy bank hal qilmaydi deyishning o‘zi qonunchilikka to‘g‘ri kelmasligi"ni aytib javobga munosabat bildirdi. Zalda o‘tirgan ekspertlardan biri ham bu savolga javob berishga harakat qilib ko‘rdi: "Chet el investorlari bizga murojaat qilishdi, hujjatlar yetishmovchiligi bo‘ldi, shunga cho‘zilib ketdi. Ta'kidlash joizki, davlat organlari xo‘jalik korxonalari faoliyatiga aralashishga haqqi yo‘q".

Bundan tashqari, soliqchilik hujjatlarini soddalashtirish vaqti kelmadimikan degan mazmundagi murojaat bo‘ldi. Bunga javoban ijro intizomini tartibga keltirish kerakligi, imtiyozlar yaratilgani, lekin mexanizm yo‘qligi aytildi va davlat organlarini bu borada o‘zaro hamkorlik qilishga chaqirildi. 

"Erkin konvertatsiya uchun baza yetarlimi?"degan savolga buning ijobiy va salbiy tomonlari borligi, Harakatlar strategiyasi davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va bu aniq hisob-kitoblar talab qilishi ta'kidlandi. Shuningdek bularning barchasi juda murakkab jarayon ekanligiga e'tibor qaratildi... 

"Imtiyozlar yaratilmoqda", "...bo‘lishi kutilmoqda", "bir kunda hal bo‘ladigan masala emas...", "hech qanday cheklovlar yo‘q...", "juda murakkab jarayon..." - qiziq, bunday so‘zlar bilan iqtisodiyotni tezkor rivojlantirib bo‘larmikan? 

Xalqda bu yo‘nalish bo‘yicha savol va takliflar ko‘p... ularning aksariyati bugun bildirildi ham. O‘ylaymizki, iqtisodchilarimiz bundan buyon yanada mas'uliyat his qilib, ana shu istak bilan yonib yashab, mustaqil O‘zbekiston iqtisodiyotini yuqori pog‘onalarga ko‘tarishadi. Iqtisodiyotning rivojlanishiga ishongan, shu ishtiyoqda chin dildan, halol xizmat qilgan insongina bunga qolganlarni ham ishontira oladi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid