O‘zbekiston | 21:27 / 26.01.2017
13104
2 daqiqa o‘qiladi

Dori-darmonlarga qo‘yiladigan ustama haq foizlari kamaytirildi

Ma'lumki, 26 yanvar kuni "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi" loyihasining navbatdagi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Mediahaftalikning 4-kun mavzusi: Ijtimoiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlar. 

Mazkur yo‘nalishlar orasida eng muhimlaridan biri sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lib, bu borada mutaxassislar taqdimoti va muhokama bo‘lib o‘tdi. 

Farmotsevtika sohasi sog‘liqni saqlash tizimining asosidir. Uni rivojlantirmay turib, aholini ijtimoiy himoya qilib bo‘lmaydi. 

Mutaxassislarimizning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida aholiga 334 ta dori-darmonlarning yetib borish narxlarini nazorat qilish uchun davlat komissiyasi tuzilgan. Bu juda katta yengillik yaratishi alohida qayd etildi, zero bunday chora-tadbirlar  dori-darmonlar bahosining oshib ketishi oldini oladi. 

Kuzatuvlarga ko‘ra, dorixonalarimizda dorilarga qo‘yiladigan ustama haq 40-60 foizni tashkil qiladi. Bunga chek qo‘yish uchun ulgurji dorixonalardagi ustama haq - 15 foiz, chakana dorixonalardagi ustama haq esa 20 foiz etib belgilandi. Bu xalqqa yetib boradigan dorilar narxini nazoratga olish imkonini beradi. Yangi tizimni bir me'yorda olib borish uchun nazorat organlari mavjud. 

Hozirga kelib, O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi 116 turdagi dori  narxlari belgilab bo‘lingan. Xorijdan keltirilgan 227 ta dori narxlari ham yaqin kunlarda e'lon qilinishi aytildi. Bunga doir ma'lumotlarning barchasi sog‘liqni saqlash tizimi sayti orqali ma'lum qilib borilmoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid