Jamiyat | 13:30 / 26.01.2017
13139
3 daqiqa o‘qiladi

Nadomat yoki jarlik yoqasiga kelib qolganlar

Kogon tumani «Saribozor» qishlog‘ida yashovchi Boboyor Mahkamov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘ylamay qadam bosdi. U nasha chekishga ruju qo‘ydi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

2015 yilning bahor oyida tanishi Barot O‘lmasovni uchratib, “dard”ini aytdi.

- Nasha-ku, topib berolmayman. Ammo urug‘idan berishim mumkin.

- Aka, yaxshiligingizni unutmayman.

Boboyor Mahkamov tanishidan “zahri qotil” urug‘idan olib, tomorqasida ekib parvarishladi.

Bo‘yi 80-90 sm bo‘lgan o‘simlikning barglarini yig‘ib olgan Boboyor polizdan mo‘l hosil ko‘targan kishidek xursand bo‘ldi. “Ajal urug‘i” ta'mini tatib ko‘rib, biroz mizg‘idi. Shundan so‘ng o‘ziga hamqishlog‘i Sherbek Jo‘raqulovni sherik qildi.

2016 yilda esa 10 tup nasha urug‘ini nafaqat tomorqasiga, balki ko‘zdan yashirin, deya gultuvakka ekdi. Ko‘p o‘tmay huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olingan Boboyor jarlik yoqasiga kelib qolganini tan oldi.

Sudlanuvchi B.Mahkamovga O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasi bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. U panjara ortida oilasidan uzoqda, balki qilmishidan pushaymonlik chekar, biroq vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Illat hudud tanlamaydi... G‘ijduvonlik Olimjon Turobov ham bu illatni “yuqtirib” olganlardan. 2015 yilning may oyida o‘zi yashab kelayotgan hovlidagi tomorqaga giyohvandlik o‘simligini ekib yetishtirish jinoyatini sodir etganida, ko‘zlagani faqat daromad topish edi. U jinoiy sherigi Akmal Eshdavlatov bilan fuqaro Abdi Soliyevga 700 ming so‘mga 3 dona gugurt qutisiga solingan, vazni 8 gramm bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik vositasini iste'mol qilishga jalb etish jinoyatini sodir etganida ham vijdoni qiynalmadi. 

Buxoro shahridagi “Karvon bozor”i oldidan o‘tuvchi yo‘lda harakatlanib ketayotgan O.Turobovga tegishli “Matiz” rusumli avtomashina to‘xtatilib, yo‘lovchi A.Eshdavlatov ko‘zdan kechirilganda, gugurt qutisiga qadoqlab solingan “Marixuana” giyohvandlik vositasi topildi.

Sudlanuvchilar O.Turobov hamda A.Eshdavlatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jazoga tortildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid