Jahon | 13:40 / 27.01.2017
7885
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Tramp bilan uchrashmoqchi

foto: AP

Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish niyatida ekanini ma'lum qildi. Bu turk-amerika munosabatlarini yaxshilashi mumkin.

"Menda, shuningdek, janob Tramp bilan yaqin vaqt ichida uchrashish niyati ham bor. Muzokaralarda turk-amerika munosabatlari asosiy mavzuga aylanadi. Bizning strategik aloqalarimiz hozir yaxshi ishlamoqdami? Yo‘q. Biz ularni yaxshilashimiz lozim", - dedi Erdo‘g‘an Turkiyaga Sharqiy Afrika davlatlari bo‘ylab safaridan qayta turib bir guruh turk jurnalistlariga. Bu haqda Hurriyet xabar berdi.

"Biz NATOga a'zo ikki davlatmiz, biroq munosabatlarning hozirgi darajasi NATO mamlakatlari hamjihatligiga mos keladi, deb bo‘lmaydi. Albatta, biz shu orqali Trampning NATO haqidagi yaqinda bergan bayonotlari asl maqsadi nima ekanini bilishni istaymiz", - deb ta'kidlab o‘tdi Turkiya yetakchisi.

Turkiya va AQSh o‘rtasidagi yana bir muhim masala iqtisodiy, ayniqsa, mudofaa sanoati sohasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashdir, dedi Erdo‘g‘an.

Bundan tashqari, Turkiya prezidenti amerikalik hamkasbi bilan turkiyalik muxolifatchi Fathulloh Gulenning ekstraditsiyasi borasida ham fikr almashmoqchi. Anqara uni o‘tgan yilning iyul oyidagi harbiy to‘ntarishga urinishni tashkillashtirishda ayblamoqda. "Biz bu maqsadga darhol erishishni istaymiz (Gulenni berishlari – tah.). Biz taqdim etilgan 85ta fayl taqdiri haqida so‘raymiz hamda tergov doirasida yanada ko‘proq ishlarni jo‘natamiz", - dedi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid