Jamiyat | 22:05 / 27.01.2017
5444
7 daqiqa o‘qiladi

Inson ogoh bo‘lsagina o‘z kelajagiga teran nazar bilan boqadi

Alloh taolo inson zotiga aqlu idrok ato etish bilan uni yaratgan barcha mavjudodlaridan afzal qildi. Shu bois odamzot hayvonlardan farqli o‘laroq, o‘z xatti-harakatlarini ongli ravishda amalga oshiradi. Shuning uchun ham Alloh taolo insonlarga o‘z jinslaridan bo‘lgan, o‘zlarining orasida yashaydigan kishilardan payg‘ambarlar yubordi va barcha ilohiy ko‘rsatmalarini ularning onglariga mos qilib nozil qildi. Ushbu ilohiy ko‘rsatmalar orqali Alloh taolo bandalariga foydali bo‘lgan narsalarni bayon qilish bilan bir qatorda, ularni dunyo va oxiratlari uchun zararli bo‘lgan narsalardan ogoh qilib kelgan.

Yurtimizda ma'naviy-ma'rifiy muhitni yanada barqarorlashtirish, aholi, ayniqsa, yosh avlodni turli g‘oyaviy va axborot xurujlaridan saqlash, hushyorlik va ogohlikka da'vat etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun dunyo tez o‘zgarib, undagi voqealar, mafkuralar, g‘oyalar to‘qnashuvi, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi qurolli mojarolar, ibodat uylaridagi qo‘poruvchilik ishlari bizni har qachongidan sergak va ogoh bo‘lishga undaydi. Inson o‘zi uchun halovat va tinchlikni o‘z idroki va bilimi bilan ta'minlaydi.

Mamlakatimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni ma'naviyatimizga yot zararli g‘oyalar ta'siridan himoyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Alloh taolo eng so‘nggi payg‘ambari bo‘lmish Muhammad alayhissalomga nozil qilgan Islom dinining asosiy manbai bo‘lmish Qur'oni karim va sunnatlarda ham biz mo‘min-musulmonlarni dunyo va oxiratimiz uchun zararli bo‘lgan narsalardan ogohlantirgan. Qur'oni karimda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga:

«Ey, insonlar! Men sizlar uchun aniq ogohlantiruvchidirman, xolos, - deb ayting», (Haj surasi, 49-oyat) - deyilgan oyatda u Zotni «Naziyr», ya'ni «qo‘rqituvchi», «ogohlantiruvchi» nomi bilan atalishlari ham bejiz emas, albatta. Zero Muhammad sallallohu alayhi vasallam insoniyat jaholat botqog‘iga g‘arq bo‘lib, insoniylik qiyofasini yo‘qotib borayotgan bir davrda payg‘ambar bo‘lib keldilar va odamlarni oldilarida turgan xatardan, ya'ni dunyodagi turli balo va ofat hamda oxiratdagi otashi do‘zaxdan ogohlantirdilar.

Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga teran nazar bilan boqadi, kelishi mumkin bo‘lgan xavfu xatarni kelmasidan oldin bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil va beparvo bo‘lgan kimsa esa atrofida nimalar bo‘layotganiga ham e'tibor qaratmay, oxir oqibat turli xil balo va ofatlarga duchor bo‘ladi. Shuning uchun ham Alloh taolo ongini ishlatmaydigan, o‘zining kim ekanligini anglab yetmagan, bugunning huzur-halovati bilan yashab, ertasi xaqida qayg‘urmaydigan kimsalarni:

«...Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan «anglamaydilar». Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan «ko‘rmaydilar». Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan «eshitmaydilar». Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir», - degan (A'rof surasi, 179-oyat).

Alloh taolo Baqara surasining 8-20-oyatlarida munofiqlar haqida bayon qilib, bu bilan mo‘min-musulmonlarni unday kimsalarning qilmishlaridan ogoh bo‘lishlikka chaqiradi. Oyatda qalbida nifoq bo‘lgan kimsalar go‘yoki, yer yuzini isloh qilmoqlikni da'vo qilishlari, aslida esa, qiladigan ishlari buzg‘unchilikdan boshqa narsa emasligi, buni hatto o‘zlari ham bilmasliklari bayon qilingan. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida:

«Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, yo yaxshilikka buyurasiz va yomonlikdan qaytarasiz yoki bo‘lmasa, Alloh taolo ustingizga bir baloni yuboradiki, undan keyin qancha duo qilsangizda duoingiz qabul bo‘lmaydi» (Imom Termiziy rivoyati), – deb odamlarni amri ma'ruf va nahiy munkar qilmaslikning oqibati qanchalik yomon bo‘lishligidan ogohlantirganlar.

Demak, xalq orasida yaxshiliklarni yoyish, yomonliklarning oldini olishga g‘ayrat qilish lozim bo‘ladi. Aksincha, hech kimning birov bilan ishi bo‘lmasa, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lsa, xalqning farovonligi, tinchlikning barqarorligi uchun o‘z hissasini qo‘shmasa, bunday holda Alloh taolo ham bandalaridan yuz o‘giradi, ularning talablariga javob bermaydi.

Aslida ogoh bo‘lish lozim bo‘lgan sohalar juda ko‘p. Masalan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling!», - degan hadislarida «Sog‘likni bemor bo‘lishdan oldin, yoshlikni keksalikdan oldin, boylikni faqirlikdan oldin, xotirjamlikni mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin va hayotni o‘limdan oldin» g‘animat bilib, ularni beparvolik bilan qo‘ldan boy berib qo‘ymaslik uchun ogoh bo‘lib yashashlikka chaqirganlar.

Biz mo‘min-musulmonlar Allohning marhamatidan umidvor bo‘lsak, Uning chaqirig‘iga itoat etib, yurtimiz va xonadonimiz tinchligi, hayotimiz farovonligi hamda oxiratimizning obod bo‘lishiga pand beradigan unsurlardan ogoh bo‘lmog‘imiz, ularni bartaraf etish uchun sa'y-harakat qilmog‘imiz lozim.

Shunday ekan, hozirgi kunimizda ulug‘ ne'matimiz bo‘lmish tinchlik va xotirjamligimizga beparvo bo‘lmay, uning qadriga yetaylik, uni asrab avaylaylik, undan ikki dunyomiz uchun manfaatli bo‘lgan ishlarni amalga oshirib foydalanaylik!

Qayimjon G‘ULOMOV

Kitob tumani «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus

Islom bilim yurti 2-kurs talabasi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid