Agar 1980-90 yillarda kimdir “ön yilliklar ötib, Ğarbiy Yevropadagi asosiy siyosiy kuçlar – ultra önglar, aşaddiy millatçilar, ksenofoblar, islomofoblar böladi” deganida edi, heç kim işonmasdi, balki masxara qilib kulgan bölardi. Hozir esa ular Yevropada ikkinçi yirik siyosiy kuçga aylanib ulgurdi.

Ötgan asrlardagi jahon uruşlaridan keyin to 21-asrgaça ultra öng kuçlar Yevropa siyosiy sahnasida marginallar edi. Oxirgi paytlarda esa ğarbiy Yevropa va AQŞdagi eng katta özgarişlar – ultra önglarning, ya’ni ultra millatçilarning kuçayişi atrofida bölyapti.

Ikkinçi jahon uruşi – insoniyat tarixidagi eng qirğinbarot uruş böldi. Hisob-kitoblarga köra, taxminan 50 milliondan 60 milliongaça inson halok böldi. Bu uruşning boş sababçisi – mafkura edi. Italiyadagi faşizm va Germaniyadagi natsizm butun Yevropani uruş öçoğiga aylantirdi. Hitler Germaniyasi qöşni davlatlarga birin-ketin hujum qildi. Faşizm va natsizmga köra, insonlar, millatlar, xalqlar, sivilizatsiyalar teng emas va teng bölişi ham mumkin emas; oliy va past millatlar böladi; qudratli davlatlar va millatlar zaif davlatlar va millatlarni “yeb, oziqlanadi”.

Ikkinçi jahon uruşidan keyin Germaniya va Italiya özining qilgan tarixiy jinoyatlarini anglay boşladi. Natijada butun ğarb sivilizatsiyasidagi eng katta siyosiy konsensus, ya’ni kelişuvning markazida bitta siyosiy aqida turar edi – nima bölganda ham, bundan keyin millatçilikka, ksenofobiyaga yöl qöymaymiz, inson huquqlari va demokratiyaga amal qilamiz, deyildi.

Lekin, mana, bugun yana Ğarbiy Yevropa va AQŞda aşaddiy önglar boş kötarmoqda. Dastavval, 2000 yilda Fransiyada bölib ötgan prezidentlik saylovlarida asosiy nomzod Jak Şirakning boş raqibi Jan-Mari Le Pen böldi. U aşaddiy millatçi, ksenofob “Milliy front” partiyasining lideri edi. Öşanda köpçilik “bu şunçaki tasodif, ötib ketadi” degandi.

Bugun Jan-Mari Le Penning qizi Marin Le Pen boşçilik qilayotgan “Milliy birlik” partiyasi Fransiyada eng katta ikkinçi siyosiy kuç. Marin Le Pen 2027 yilgi prezidentlik saylovlarida Fransiya prezidenti böliş niyatida.

2016 yilda Britaniyada Brekzit yuz berdi. Bu aşaddiy önglarning yirik ğalabasi edi. Oradan bir yil ötib, 2017 yilda AQŞ hokimiyatiga millatçi, ksenofob va islomofob Donald Tramp keldi. Tramp hokimiyatga kelganda, AQŞ siyosiy elitasi “tört yil çidaymiz, va bundan keyin bunaqa ultra önglar hokimiyatga kela olmasligi uçun, barça çoralarni köramiz” degan edi. Lekin mana, Tramp yana hokimiyatga qaytdi. Qaytganda ham, ötgan safargiga nisbatan ança işonçli qaytdi.