Jahon | 14:42 / 30.01.2017
5105
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo aviakompaniyalari Tramp farmoni tufayli ekipajlar tarkibini o‘zgartirmoqda

Jahon aviakompaniyalari AQShga bo‘lgan reyslari ekipaji tarkibini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu ushbu mamlakatga Iroq, Eron, Yaman, Liviya, Somali, Sudan davlatlari fuqarolarini 90 kun davomida kiritmaslik haqidagi taqiq sabab ro‘y berdi, deb yozadi The Wall Street Journal nashri.

Shu tariqa, jahonda xalqaro yo‘lovchi aviatashuvlari hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan Emirates Airline (BAA, Dubay) bu mamlakatlardan bo‘lgan uchuvchi hamda bortkuzatuvchilarni AQShga yo‘l oladigan havo kemalaridan chetlatishi haqida ma'lum qildi.

Etihad Airways (BAA, Abu-Dabi) esa ayni damda taqiq uning xodimlariga nisbatan qo‘llanilmayotganini, biroq yaqin haftalar ichida muammolar yuzaga kelishini oldini olish borasida ishlayotganini ta'kidlab o‘tdi. AQSh prezidentlik ma'muriyati cheklovlar boshqa mamlakatlarga nisbatan ham kengaytirilishi mumkinligini xabar qilgan.

Bundan tashqari, Yevropa, Osiyo va Afrikadagi aviakompaniyalar taqiq ostiga tushgan mamlakatlar fuqarolarini bortga chiqarishdan bosh tortishga majbur bo‘lmoqda. Air France-KLM ma'lumotiga ko‘ra, shanba va yakshanba kunlari bunday yo‘lovchilar soni 20 kishini tashki etdi. EgyptAir vakillari esa AQSh tomonidan kiritilgan cheklovlar kimni parvozga chiqarish mumkinligiga aniqlik kiritmasligini ma'lum qildi. Shuning uchun aviakompaniya yo‘lovchilar ro‘yxatini avval Amerika hukumatiga yuborib, ular tasdig‘ini olishni boshladi.

Avval xabar berganimizdek, Tramp “Mamlakatning xorijiy terrorchilar kirib kelishidan himoyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatga 90 kun davomida Eron, Iroq, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan fuqarolari kirib kelishini taqiqlab qo‘ydi. Hujjat shuningdek barcha qochqinlarni qabul qilishni 120 kunga to‘xtatib turish hamda Suriyalik qochqinlarni qabul qilishni noma'lum muddatga qoldirishni ham nazarda tutadi. Oq uy matbuot xizmatining xabar berishicha, yuqoridagi ro‘yxat kengaytirilishi ham mumkin.

Amerikaning kamida beshta shtati federal sudi o‘tgan dam olish kunlari farmonning mamlakatga kirib bo‘lgan shaxslarni darhol chiqarib yuborish haqidagi bandi ta'sir kuchini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi.

Bunda ikkita fuqarolikka ega yoki AQShda ishlash huquqi bilan olingan yashash uchun ruxsatnoma (grin-karta) egalariga ma'lum bir yumshatishlar qo‘llanilishi mumkin, biroq hozircha Amerika hukumatining bu boradagi bayonotlari bir-biriga zid bo‘lib chiqmoqda. Xususan, prezident devoni rahbari Reyns Pribus NBC’ga bergan intervyusida yetti islom mamlakati fuqarolarining AQShga kiritmaslik haqidagi taqiq grin-karta egalariga qo‘llanilmasligini ma'lum qilgan bo‘lsa, AQSh ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibi Jillian Kristensen cheklovlar grin-karta egalariga nisbatan ham ko‘rilishini aytib o‘tgan.

AQSh davlat departamentining aniqlik kiritishicha, Tramp farmoni ikki fuqarolikka ega xorijiy fuqarolarga ham tegishli, biroq bu holda hal qiluvchi jihat pasportlardan biri – Amerikaniki bo‘lishidadir.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid