Jahon | 11:58 / 30.01.2017
4220
2 daqiqa o‘qiladi

Google Tramp farmoni tufayli xodimlaridan AQShga qaytib kelishni so‘radi

Alphabet xoldingi tarkibiga kiruvchi Amerikaning Google internet-kompaniyasi AQSh tashqarisida bo‘lgan xodimlarini tezroq mamlakatga qaytib kelishga chaqirdi. Bu haqda BBC manbalarga tayangan holda xabar berdi. Kompaniya ular davlat rahbari Donald Tramp tomonidan juma kuni imzolangan farmon kuchga kirgunga qadar qaytib kelishga ulgurmasliklaridan xavotirda. Farmon AQShga muhojirlar kirishini cheklaydi.

Kompaniya rasmiy vakillari bu boradagi xabarga izoh berishmadi. Prezident farmoni tufayli Google’ning kamida 187 nafar xodimi jabr ko‘rishi mumkin, deb yozadi The Wall Street Journal.

"Biz bu farmondan hamda Google xodimlari va ular oila a'zolariga noqulaylik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tashvishdamiz. U AQShga xorijlik iste'dodli mutaxassislar kelishiga to‘siqlar qo‘yishi mumkin", - deya ma'lum qilgan kompaniya ijrochi direktori Sundara Pichai o‘z maktubida. Maktub nusxasi The Wall Street Journal’da borligi aytilgan.

Ko‘plab texnologiya kompaniyalari mamlakatga muhojirlar kelishiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatishga chaqirdi.

Tramp juma kuni AQShda qochqinlarni qabul qilish dasturini muzlatib qo‘ydi, shuningdek mamlakatga Eron, Iroq, Yaman, Liviya, Suriya, Somali va Sudan fuqarolari kirib kelishiga cheklovlar qo‘ydi. Bu cheklovlar ushbu mamlakatlardan bo‘lgan fuqarolarga, ularda hattoki “grin-karta” bo‘lsa ham AQShga parvoz qilayotgan samolyot bortiga ko‘tarilishga ruxsat berilmaslikni ham nazarda tutishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid