Jahon | 14:19 / 30.01.2017
4398
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston muxolifati yetakchisi: AQSh pokistonliklarga viza berishni to‘xtatib qo‘yishini istayman

foto: Reuters

Pokistonning “Tahriq-e-Insof” muxolif partiyasi yetakchisi Imron Xon Vashington pokistonliklarni AQShga kiritmaslik haqida qaror qabul qilishidan umidvor. Uning fikricha, bu mamlakat rivojiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Tramp AQShni terrorchilikdan himoya qilish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. U mamlakatga radikal terrorchilarni kiritmaslikni ko‘zda tutadi. Hujjat qochqinlarni mamlakat hududida qabul qilishni to‘xtatib qo‘ymoqda: Suriyadan – noma'lum muddatgacha, boshqa mamlakatlardan esa – 120 kunga. Shuningdek Suriya, Eron, Iroq, Liviya, Somali, Sudan va Yaman fuqarolarining mamlakatga kirishiga 90 kunlik cheklov qo‘yildi. Keyinchalik Oq uy devoni rahbari Rayns Pribas NBC telekanali efirida nima uchun taqiq boshqa musulmon mamlakatlariga (jumladan Pokistonga ham) nisbatan kiritilmagani haqidagi savolga javob berar ekan, ro‘yxat kengaytirilishi mumkinligini aytib o‘tdi.

"U (Tramp) saylanganidan so‘ng AQSh pokistonliklarga viza berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Men bu holat ro‘y berishi uchun duodaman. Shunda biz mamlakatimizni tartibga keltirishimiz mumkin", - deya partiya yig‘ilishida ishtirok etgan Imron Xon so‘zlaridan iqtibos keltiradi Geo TV telekanali.

Uning aniqlik kiritishicha, Pokistonning yuqori malakali fuqarolari mamlakatni "korrupsiya va yomon boshqaruv" tufayli tark etmoqda. "Biz tizimni tiklagan kunimiz, bizning eng yaxshi kishilarimiz qaytib keladi hamda mamlakat rivoji ustida ishlaydi", - deya qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Mavzuga oid