Jahon | 14:33 / 30.01.2017
12896
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina generali Qrimni qaytarish uchun Sevastopolni Rossiyaga qoldirishni taklif qildi

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbarining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Yuriy Dumanskiy Qrimni qaytarib olish borasida o‘z taklifini bildirdi. Uning bayonot berishicha, buning uchun rasmiy Kiyev Sevastopolni Qora dengiz floti bazasi sifatida Rossiyaga qoldirishi kerak. General «Apostrof» nashriga bergan intervyusida shu haqda so‘z yuritgan.

U Ukraina qanday qilib yarim orolni qaytarib olishi mumkin?, degan savolga shunday javob bergan. «Biz, masalan, RFning asosiy Qora dengiz floti saqlanadigan Sevastopolni qandaydir o‘tish davrida qoldirishimiz mumkin», — deya o‘z fikrini bildirgan Dumanskiy.

26 yanvarda Ukraina hukumati Qrimni mamlakat tarkibiga qayta integratsiya qilish bo‘yicha reja tayyorlanayotganini e'lon qildi. Vaqtincha bosib olingan hududlar va ichki ko‘chirilgan shaxslar masalalari bo‘yicha vazir Vadim Chernishning aytishicha,  strategiya yarim orol aholisiga ma'muriy xizmatlar ko‘rsatish hamda masofadan ta'lim olish imkoniyatini taqdim etishni ko‘zda tutadi. 

Keyinroq, Qrim respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, ichki siyosat, axborot va aloqa vaziri Dmitriy Polonskiy yarim orolni Ukrainaga qaytarish bo‘yicha dasturni e'lon qilgan Kiyev mulozimlarini «axmoqlar» deb atadi. 

«Ushbu dastur mualliflari Qrim aholisi bilan munosabatlarni tiklashni o‘zlaricha qanday tasavvur qilayotgani qiziqarli. Ular, nima, to‘sib qo‘yilgan Shimoliy Qrim kanalidan uch chelakdan suv olib, har bir fuqaroga yubormoqchimi? Yoki blekaut (elektrenergiyasi manbasidan uzib qo‘yish) uchun tovon sifatida Ukraina elektrenergiyasi bilan quvvatlangan akkumulyatordan yuborishadimi?» — degan bosh vazir o‘rinbosari. 

Mavzuga oid