Jahon | 10:40 / 01.02.2017
5952
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston aholisi Boeing halokatidan jabrlanganlarga deyarli 700 ming dollar yig‘ib berdi

Qirg‘iziston aholisi Bishkek yaqinidagi Boeing-747 yuk samolyoti halokatida qurbon bo‘lganlar va ularning oila a'zolari uchun taxminan 692 ming AQSh dollarini maxsus hisob raqamiga o‘tkazib berdi. Bu haqda TASS respublika Favqulodda vaziyat vazirligi matbuot xizmatiga asosan xabar berdi.

"Bugun jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ yig‘ish aksiyasi yakunlanadi", - deya ma'lum qilishgan vazirlikda. Matbuot xizmati xodimlari so‘ziga ko‘ra, yig‘ilgan pullar aviahalokat vaqtida jabrlanganlar o‘rtasida teng taqsimlanadi. Avvalroq halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga bir martalik moddiy yordam sifatida  mamlakat prezidenti Almazbek Atamboyev jamg‘armasidan taxminan 1,4 ming dollar va vazirlar mahkamasi fondidan 1 ming dollar ajratilgandi. Qirg‘iziston hukumati jabrlanganlarga tovon pullari qanday tartibda to‘lanishi borasida aniq bir qarorga kelmagan, sababi bosh vazir o‘rinbosari Muhammadqali Abulg‘oziyevning ma'lum qilishicha, mablag‘larni kim va qanday hajmda to‘lab berishi samolyot halokati bo‘yicha surishtiruv ishlari yakunlangach ma'lum bo‘ladi.

Turkiya kompaniyalaridan biriga tegishli Boeing 747-400 samolyoti Bishkekdagi “Manas” xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish qismidan 1,5 km uzoqlikda falokatga uchragan. Samolyot aeroport yaqinidagi qishloq ustiga tushdi. Buning oqibatida 32ta uy vayron bo‘ldi, 4 ekipaj a'zosi hamda 35 nafar mahalliy aholi vakili halok bo‘ldi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Boeing qulash chog‘ida texnik soz holatda bo‘lgan.

Mavzuga oid