09:34 / 04.02.2017
7891

Eng muhim o‘yinlar haftasi. London derbisidan tortib, italyancha «klasiko»gacha

Boshlangan uik-endning Yevropaning yetakchi chempionatlari uchun eng muhim haftalardan biri bo‘ladi. Kuchli beshlik chempionatlarida bu hafta qiziqarli o‘tishi kutilayotgan to‘qnashuvlar ko‘pligi ham bu fikrni tasdiqlaydi. Tribuna.Uz uik-endning eng muhim beshta uchrashuvi anonsi bilan tanishtiradi.

Chelsi – Arsenal (4 fevral, Toshkent vaqti bilan – 17:30, Translyatsiya: UzReport, Match! Futbol 1)
Bo‘lajak London derbisi barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 189-marta ikki jamoaning o‘zaro to‘qnashuviga aylanadi. Hozircha bu o‘yinlarda «Arsenal» ustunlikka ega 73 g‘alaba, 54 durang, 61 marta «Chelsi» g‘alabasi. 

Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan buyon esa bu ikki jamoa o‘zaro 50-yubiley uchrashuvi bo‘ladi. Hozirgacha o‘tkazilgan 49 uchrashuvning 16tasida «Chelsi» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 19 marta «Arsenal»ning qo‘li baland kelgan, 14 uchrashuvda g‘olib aniqlanmagan. «Chelsi» «Arsenal»ga qarshi o‘z uyida o‘tkazgan 4ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. Joriy mavsumning birinchi davrasidagi uchrashuvda esa hali Konte jamoasi bugungi dahshatli formasiga kirib olmagandi va bundan «Arsenal» unumli foydalanib, 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Ikkala jamoaning so‘nggi oltita o‘yiniga qaraydigan bo‘lsak, bir xil natijani ko‘rishimiz mumkin – 4 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat. Farqli tomoni «Arsenal» uch kun muqaddam o‘z uyida kutilmaganda «Uotford»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. «Chelsi» esa asosiy raqiblaridan biri «Liverpul» uyida durang natija qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. 

Bu uchrashuvdagi g‘alaba Konte jamoasini chempionlik uchun kurashda eng katta qadamni tashlashi uchun xizmat qilishi mumkin. Yaqin ta'qibchisidan 9 ochko oldinda borayotgan jamoa, ushbu turdagi g‘alaba evaziga keyinchalik hech kimni o‘ziga yaqinlashtirmasligi mumkin bo‘ladi. «Arsenal» esa bunga yo‘l qo‘ymasligi uchun ham, «Stemford Brij»da so‘nggi to‘rtta uchrashuvda eplay olmagan ishini bu safar bajarishi kerak bo‘ladi.

Konte jamoasida aytarli hech qanday yo‘qotishlar yo‘q. Jamoa so‘nggi uchrashuvlarda maydonga deyarli o‘zgarishsiz tushayotgan tarkibidan to‘liq foydalanishi kutilmoqda. Ammo «kanonirlar» haqida bunday deb bo‘lmaydi. O‘tgan haftada Aaron Remzi kamida bir oyga safdan chiqdi. Granit Chaka diskvalifikatsiya muddatini o‘tashda davom etadi. Muhammad en-Neni esa jamoa bilan Afrika kubogi finaliga yo‘llanma oldi va kurashni davom ettirmoqda. Santi Kasorla esa anchadan buyon maydonga tusha olmayapti. Shuningdek Oksleyd-Chemberlenning ham o‘yinga tushishi so‘roq ostida qolmoqda. E'tibor bergan bo‘lsangiz, o‘yinda ishtirok eta olmaydigan futbolchilarning barchasi yarimhimoya vakillari. Shu boisdan, bo‘lajak o‘yinda «Arsenal»ga zaxirada nafaqat bosh murabbiy balki yarimhimoyachilarning ham yetishmovchiligi kuzatilishi ko‘rinib turibdi.

Borussiya Dortmund – RB Leyptsig (4 fevral, 22:30, Match! Futbol 3)
«RB Leyptsig» hamon muxlis-u mutaxassislarni ajablantirishda davom etmoqda. Ikkinchi davradagi dastlabki ikki uchrashuvni ham jamoa g‘alaba bilan boshladi. Bo‘lajak raqibi «Borussiya»ni turnir jadvali 19-turdan keyin 11 (!) ochkoga ortda qoldirmoqda. O‘tgan turda Xazenhyuttl shogirdlari «Hoffenhaym»ning mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi.

Dortmundliklarda esa vaziyatni bunday deb bo‘lmaydi. Jamoa o‘tgan turda «Maynts»ga qarshi uchrashuvda g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Endi jamoa «Leyptsig» bilan oradagi farqni biroz bo‘lsada qisqartirishi uchun o‘z uyida kechadigan uchrashuvda g‘alaba qozonishi shart bo‘ladi. Jamoalarning o‘zaro dastlabki davradagi uchrashuvida «Leyptsig» minimal hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritgan.

Ralf Xazenhyuttl oldida muhim o‘yin oldidan katta imtihon turibdi. Jamoa asosiy raqiblaridan biriga qarshi asosiy tarkibning bir yo‘la to‘rt futbolchisidan foydalana olmaydi. Emil Forsberg diskvalifikatsiya tufayli uchinchi uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Timo Verner, Marsel Zabittser va Diyego Demme esa jarohati sabab bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Mavsumni o‘ta ko‘tarinki ruhda o‘tkazayotgan jamoa chempionatda hali bu qadar ko‘p yo‘qotishlarga duch kelmagandi. «Borussiya»da esa jarohat yoki diskvalifikatsiya bo‘yicha muammolar yo‘q. Faqat so‘nggi kunlarda jamoa hujumchisi Per-Emerik Obameyangning klubni tark etish haqidagi bayonoti biroz bo‘lsada ichki muhitning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Monako – Nitstsa (4 fevral, 21:00, Match! Futbol 2)

Ketma-ket ikkini turdirki,  «Monako» chempionlik uchun kurashayotgan jamoaga qarshi maydonga tushmoqda. O‘tgan turda jamoa so‘nggi daqiqalarda gol kiritib «PSJ»dan ochko tortib olishni uddalagan bo‘lsa, bu gal endi «Nitstsa»ga qarshi ishda g‘alaba qozonishga urinib ko‘radi. Hozircha ikkala jamoa ham bir xilda (49) ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 1-2 o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi.

Birinchi davradagi uchrashuvda biroz kutilmagan tarzda «Nitstsa» 4:0 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘shanda Mario Balotelli o‘yin qahramonlaridan biriga aylanib, dubl muallifi bo‘lgandi. Monegasklar bu mag‘lubiyat alamini olish va yana turnir jadvalining yakka peshqadami bo‘lib olish uchun yaqin turibdi. Sababi jamoa o‘z uyida o‘tkazgan so‘nggi 19 uchrashuvining 16tasida g‘alaba qozongan va jami bo‘lib 56ta gol kiritgan. 

Uchrashuvda ikkala jamoa ham optimal tarkibda maydonga tushishi kutilmoqda. Bu bizni oldinda ajoyib uchrashuv kutib turganini anglatadi.

Barselona – Atletik (4 fevral, 20:15, UzReport) 
Joriy mavsumning o‘zida bu ikki jamoa uch marta o‘ynashga ulgurishdi. Chempionatda «Barselona» kichik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Ispaniya kubogidagi uchrashuvda jamoalar o‘zaro bittadan g‘alaba almashishgan. Ammo ikkinchi o‘yin natijasiga ko‘ra, «Barsa» (3:1, 1:2) keyingi bosqich masalasini hal qilgandi.

Ikkala jamoaning chempionatdagi o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Atletik» so‘nggi marta 2013 yilning dekabrida g‘alaba qozongandi. Ungacha esa jamoa faqatgina 2006 yilda «Barselona»dan ustun kelgan. Umuman olganda so‘nggi 32 uchrashuvning faqatgina 2ta uchrashuvdagina Bilbaoliklar g‘alaba nashidasiini surishgan. «Atletik» so‘nggi marta «Kamp Nou»da 1994 yildagina g‘alaba qozongan.

So‘nggi tur uchrashuvida kataloniyaliklar «Betis» uyida ochko yo‘qotishdi. Hakamlik borasida yaxshigina mojaroga sabab bo‘lgan o‘yin «Barselona»ni asosiy raqibi «Real»dan yanada ortda qolib ketishiga sabab bo‘lib turibdi. Ammo jamoaning kubokdagi ishlari joyida. Hafta o‘rtasida Enrike jamoasi «Atletiko» Madrid uyida g‘alaba bilan qaytib final yo‘llanmasiga juda yaqin kelib qoldi. «Atletik» esa Ispaniya chempionati doirasidagi so‘nggi beshta uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Oxirgi turda jamoa Xixonning «Sporting» klubini mag‘lubiyatga uchratgandi.

Yuventus – Inter (6 fevralga o‘tar kechasi, 00:45, Match TV)
Italiya A seriyasidagi so‘nggi 7, barcha turnirlarda esa jami 9ta uchrashuvda ketma-ket g‘alabalarni qo‘lga kiritgan «Inter», bu mavsumda ham chempionlik uchun asosiy da'vogar bo‘lib turgan «Yuventus» uyiga safar uyushtiradi.

Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida «Inter» hozirgidek ajoyib formaga kirmagan bo‘lsada, 2:1 hisobida g‘alaba qozonishni uddalagandi. «Inter» so‘nggi marta «Yuventus» uyida 2012 yilning noyabrida g‘alaba qozongan. Undan keyingi to‘rtta o‘yindan esa faqat bir martasida jamoa durang o‘ynay olgan xolos. Jamoalarning barcha umumiy natijalariga qaraydigan bo‘lsak, bu yerda ham ustunlik turinliklar tomonida ekanini ko‘rishimiz mumkin. 177 uchrashuvning 81tasida «Yuventus», 51tasida esa «Inter» g‘alaba qozongan. 45 uchrashuvda g‘olib jamoa nomi aniqlanmagan.

«Yuventus» mavsumni barqaror o‘tkazishda davom etmoqda. «Fiorentina»dan uchralgan mag‘lubiyatga qaramay, o‘tgan turda jamoa «Sassuolo» uyida ishonchli g‘alabani (2:0) qo‘lga kiritdi va barcha ta'qibchilarining ochko yo‘qotishi evaziga ular bilan oradagi farqni oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Hozirda turinliklar bitta uchrashuv kam o‘tkazgan holda, eng yaqin ta'qibchisi «Roma»ni 4 ochkoga ortda qoldirmoqda. 

«Inter» esa yuqorida eslab o‘tganimizdek, A seriyada ketma-ket yetti uchrashuvda g‘alaba qozondi va 4-o‘ringa qadar ko‘tarilib oldi. Hafta o‘rtasida jamoa Italiya kubogida «Latsio»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va barcha musobaqalardagi 9 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasiga yakun yasadi. «Inter» jamoa bilan oradagi farq yanada oshib ketmasligi uchun Turinda g‘alaba bilan qaytishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek...
Bu haftada qiziqarli o‘tishi mumkin bo‘lgan yana bir qator uchrashuvlarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Ispaniya chempionatida «Selta» - «Real» o‘zaro hisob-kitob qiladi. Ispaniya kubogining chorak finalida aynan vigoliklar Zidan jamoasini musobaqadan chiqarib yuborgani ham bu uchrashuvga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda. Shuningdek «Sevilya» - «Villyarreal» uchrashuvi ham qiziqarli o‘tishi kutilmoqda. Fransiyada esa «Sent-Eten» va «Lion» jamoalari o‘rtasidagi eng mashhur derbilardan biri bo‘lib o‘tishi lozim. Italiyada esa, «Roma» - «Fiorentina» to‘qnashuvi yevrokuboklar uchun kurash olib borayotgan jamoalar o‘rtasida yaxshi futbol bo‘lishiga ishora qilmoqda. Umuman hafta yakunida futbol muxlislari zerikib qolishiga sabab bo‘lmaydi.

Top