Light | 19:51 / 05.02.2017
40465
8 daqiqa o‘qiladi

Olov, Suv, Havo, Yer: Yashash uchun eng xavfli joylar

Aksariyatimiz ob-havo bilan bog‘liq noqulayliklardan (kutilmagan sel yoki jazirama issiq) nolib qolamiz, biroq bularning barchasini yengib o‘tish mumkin. Sayyoramizda shunday joylar borki, u yerlarda ona-tabiat hech kimni ayab o‘tirmaydi. Dahshatli bo‘ronlar, vulqonli lavalar - bunday joylarni zabt etishga ortiqcha qiziqmagan ma'qul. Hi-News sayyorani to‘rt elementga ajratib, ularning Yerdagi eng xavfli ifodalariga to‘xtalib o‘tdi.

Suv

Suv biz uchun xavf tug‘dirishi tabiiy, chunki biz suv muhitiga yaxshi moslashmaganmiz (ko‘pchilik cho‘milishni umuman bilmaydi). Qayiqlarni boshqarish borasidagi ko‘nikmalarimizga qaramay, Xalqaro dengiz tashkiloti xabariga ko‘ra, 2012 yilda 1051 nafar kishi dengizda halok bo‘lgan.

Ba'zi suv havzalari geografik joylashuviga ko‘ra, boshqalaridan xavfliroq bo‘ladi. Norvegiyadagi Salstraumen bo‘g‘ozi Yer yuzidagi eng kuchli oqimlari bilan nom qozongan. Biroq bu maskan shu qadar yaxshi o‘rganilganki, sayyohlar bu yerdan mutaxassis bilan shishirilgan qayiqda "sayr qilish" imkoniga egalar.

Hind okeanidagi orollar guruhi, Maldiv orollari ham dengiz sathining oshishga moyilligi mavjudligi sabab "efemer orollar" hisoblanadi. Xavf yil sayin ortib bormoqda, chunki iqlim o‘zgarmoqda.

Xavf cho‘qqisi sunami yoki bo‘ron vaqtida suv sathining  kutilmaganda ko‘tarilishiga to‘g‘ri keladi.

Dunyoda insonlarni xavfdan himoya qilishga qaratilgan sunamini "yumshatish" yoki undan ogohlantirishning bir necha tizimi mavjud. Biroq ba'zi joylarda ogohlantirish vaqti 20 daqiqaga qisqaradi, shu bois sunami ko‘p kishilarning hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. 2004 yilda yangi tarixdagi eng halokatli sunami ro‘y berdi - Indoneziyadagi Sumatra qirg‘oqlaridagi zilziladan keyingi sunami 15 mamlakatdagi 280 000 kishining hayotdan ko‘z yumishiga olib keldi. Buni tasavvur qilish qiyin, biroq daryo toshqinlari bundan-da ko‘p kishini hayotdan olib ketgan.

Xitoydagi Yantszi daryosida yoz oylarida sodir bo‘lgan suv toshqini millionlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘ldi (rasmiy hujjatlarda yo‘qotishlar anchaga kamaytirilgan). O‘sha yili ketma-ket yog‘gan qorlardan keyin kuchli erish holatlari kuzatilgan, boz ustiga anomal ravishda kuchli yomg‘irlar yog‘gan. Natijada tarixdagi eng mash'um tabiiy ofat yuz bergan.

Bugungi kunda Xitoydagi yirik daryolar qirg‘oqlarida milliardlab kishi yashaydi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq suv toshqinlari haqidagi o‘y-xayollar ularni xotirjam uxlashga qo‘ymaydi.

Havo

Afrikada bir necha "qotil-ko‘llar" bor, lekin bu suv tufayli emas.

Kamerundagi Nos oroli va Kongo Demokratik Respublikasi hamda Ruanda chegarasidagi Kivu oroli ko‘rimsiz xavf tug‘diradi. Bu ko‘llar vulqon faol bo‘lgan joylarda joylashgan.

1980-yillarda ro‘y bergan va 1700 kishi hamda 3500 bosh qoramolning halokatiga olib kelgan ikki vulqonli portlashdan keyin Kamerunda quvurlar va sifonlar yordamida xavfsiz degazatsiya usullari ishlab chiqildi.

Antarktidadagi Mis Denison Yer yuzidagi eng shamolli maskan hisoblanadi. U yerda hech kim yashamasligi ajablanarli holat emas. Biroq mavsumiy bo‘ronlar butun dunyo bo‘ylab bir necha hududlarning vayron bo‘lishiga olib keladi.

Eng kuchli bo‘ronlar iliq okean uzra ekvatordan janub tomonga shakllanadi. U yerdagi shamollar bosim o‘zgarishi bilan kuchayadi va dovul, siklon, to‘fon kabi tabiiy ofatlarini hosil qilib, Koriolis effekti ta'sirida aylanadi.

Bunday bo‘ronlar haqida gap ketar ekan, Haiti Karib suv havzasidagi eng xavfli orol hisoblanadi. U nafaqat dovullar yo‘lida, balki hech qanday himoya tizimi mavjud bo‘lmagan eng qashshoq mamlakatda joylashgan.

Germaniyadagi Shtutgart universitetining tabiiy ofatlar bo‘yicha eksperti Jon Birkmanning aytishicha, siklonlar xavfli, chunki ularni oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi.

Birkman BMT universitetining xavf-xatar to‘g‘risidagi yillik hisobotini tayyorlovchi jamoaning bir qismi hisoblanadi.

2016 yilda eng xavfli maskanlar ro‘yxatini Vanuatu boshqardi. Bu mamlakatdagi orol aholisining uchdan biridan ko‘prog‘i har yili tabiiy ofatlardan jabr ko‘radi. 2015 yilda orolda bir necha hafta oralig‘ida zilzilalar, vulqon portlashi va Pem sikloni kuzatildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 11 nafar kishi halok bo‘lgan.

Ushbu nisbatan kam ko‘rsatkich insonlarni tabiiy ofatlardan himoyalash bo‘yicha global tadbirlarning ish berishidan dalolatdir. Taqqoslash uchun: 1970 yilning noyabrida Bangladeshda Bola sikloni natijasida 500 000 kishi halok bo‘lgan.

Yer

Barcha tabiiy ofatlar orasida eng jiddiy sabab tektonik faollik hisoblanadi. Yer qobig‘i harakatlanuvchi plitalardan iborat, ular qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qilganida salohiyatli energiya to‘planib qoladi. U tashqariga chiqarilganda esa yer yuzida kuchli silkinishlar sodir bo‘ladi.

Eng halokatli zilzila 1556 yilda Shensi (Xitoy)da ro‘y bergan - u 800 000 kishini hayotdan olib ketgan.

Yer silkinishlari sayyoramizning nisbatan nochor hududlarida sodir bo‘ladi. Los-Anjyeles va Tokio kabi seysmoxavfli shaharlar o‘z aholisini himoyalash uchun eng yangi me'moriy yutuqlardan foydalanishadi. Biroq "Tinch okeanining olovli uzugi" atrofidagi hamma mamlakatlar ham bunga qodir emas. Yer yuzidagi zilzilalarning 81 foizi shu hududlarda ro‘y beradi.

2015 yilda tabiiy ofatlar ko‘p kuzatilgan o‘n shahardan sakkiztasi Filippinda joylashgan.

Olov

Tektonik faollikning yana bir tomoni vulqonli faollik hisoblanadi. Plitalar bir-biridan uzoqlashgan joyda Yer ostidan bu bo‘shliqni to‘ldiruvchi qaynoq magma otilib chiqadi.

Efiopiyadagi Danakil darasi "Yer yuzidagi eng shafqatsiz joy" sifatida tasvirlanadi. Bu uch plitaning "uchrashuv joyi". Shuningdek, ehtimol, dunyodagi eng faol vulqonli joy hisoblanar.

Bu yerda yillik o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 34,4 darajani tashkil qiladi va bu uni Yer yuzidagi eng issiq makonlardan biriga aylantiradi. Yog‘ingarchilik kam bo‘ladigan, vulqonli vayronalar, gidrotermal dalalar va tuzli tekisliklardan iborat bu joyda hech kim yashamaydi deb o‘ylashingiz mumkin, biroq afarlar bu joyni o‘z uylari deb atashadi.

Umuman odamlarda geografik jihatdan xatarli hisoblangan joylarda yashash kabi yomon odat bor. Bunga Italiyaning Vezuviy vulqoni lavasi ostida qolgan Pompey qadimiy shahri yaqqol misol bo‘la oladi. Biroq zamonaviy shaharlarning ba'zilari ham vulqon xavfi mavjud joylarda yashashni qo‘yishmaydi. Neapol Vezuviydan 10 kilometrdan ham kamroq masofada joylashgan, Mexiko esa - Popokatepetldan 70 kilometr masofada.

2015 yilda chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi 400 yil ichida 200 000dan ziyod kishi bevosita vulqon otilishidan halok bo‘lgan. Xalqaro ekspertlar guruhi vulqon faol bo‘lgan hududlar ro‘yxatini tuzdi. Unga ko‘ra, Indoneziya xatar guruhining eng cho‘qqisida.

Sumbava orolidagi Tambora tog‘i 1815 yilda 70 000 kishini hayotdan olib ketdi. Otilish iqlimni vaqtinchalik o‘zgartirdi, oxir-oqibat vulqon yanada ko‘p kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

2010 yilda Merapi tog‘i 350 kishini qurbon qildi. Yana o‘n ming kishi vaqtinchalik evakuatsiya qilindi.

Mavzuga oid