Jamiyat | 19:25 / 08.02.2017
4740
3 daqiqa o‘qiladi

“Turkiston” saroyida Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi

Respublika Adliya vazirligi tomonidan hududiy adliya boshqarmalari, mahalliy davlat organlari bilan hamkorlikda Prezidentimizning “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari  to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini ijrochilar va aholiga yetkazish maqsadida markaz va mintaqalarda turkum seminarlar o‘tkazilmoqda. Tadbirlarning dastlabkisi Toshkentdagi “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati ma'lum qilmoqda.


Unda Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik xizmat xodimlari, advokatlar, vazirlik va Toshkent shahar adliya boshqarmasining mas'ul mutaxassislari ishtirok etdilar.


Prezidentimizning qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida qonuniylikni yanada mustahkamlash maqsadida yuridik xizmatlarning roli va javobgarligi kuchaytirildi. Endilikda davlat organlari va tashkilotlarida, shu jumladan, ularning hududiy tuzilmalarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan minimal me'yor va mezonlarga asosan majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etiladi. Mazkur xizmatning mavjud shtat birliklarini esa aslo qisqartirishga yo‘l qo‘yilmaydi. 


“Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, respublika darajasidagi davlat organlari 
va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlari lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda tayinlanadi va ozod qilinadi. Tumanlar va shaharlar hokimliklari, shuningdek, hududiy darajadagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlari esa lavozimga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari bilan kelishilgan holda tayinlanadi va ozod qilinadi.


Seminarda ushbu qarorning qabul qilinishiga sabab bo‘lgan omillar xususida xam to‘xtalib o‘tildi. Garchi yuridik xizmatlar davlat organlari va tashkilotlarning norma ijodkorligi, shartnomaviy-huquqiy 
va talabnoma-da'vo ishlarini amalga oshirib kelgan bo‘lsa-da, qonun buzilishining oldini olish hamda o‘z vaqtida choralar ko‘rish borasidagi faoliyati talab darajasida emasligiga urg‘u berdilar. Bunga ularning yetarli va ta'sirchan vakolatlarga ega emasliklari sabab bo‘layotgandi. Yuridik xizmat xodimlarining moddiy ta'minot darajasi ham  mazkur soxaga oliy yuridik ma'lumotga ega yuqori malakali kadrlarni jalb etishga to‘sqinlik qilgan. Endilikda bu masala ijobiy hal etildi. Mazkur xizmat xodimlariga malaka darajalari, ko‘p yillik mehnatlari uchun ustamalar berilishi, shuningdek har chorakda korxona va tashkilot manfaati yuzasidan undirgan mablag‘larining 5 foizi miqdorida mukofot olishlari, lekin ushbu summa minimal ish xaqining 50 barobaridan oshmasligi belgilandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid