Jahon | 07:57 / 09.02.2017
12203
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda samolyot Trampning "1-raqamli borti"ga xavfli masofada yaqinlashdi

AQSh hukumati havo kemasining mamlakat prezidenti Donald Tramp parvoz qilayotgan Boeing-747 samolyotiga yaqinlashgani bilan bog‘liq hodisani o‘rganmoqda. Bu haqda ABC telekanali xabar qilmoqda.

Telekanal xabarlariga ko‘ra, voqea 3 fevral kuni Florida osmonida ro‘y bergan. O‘shanda Tramp Vashingtondan dam olish kunlarini o‘tkazish uchun Mar-a-Lago qarorgohiga yo‘l olgandi.

"Manbalarning aytishlaricha, "1-raqamli bort" bilan parallel uchayotgan samolyot Palm-Bichga yaqinlashganda prezident Tramp samolyoti bilan kamida 3 dengiz mili (5,5 kmga yaqin) oraliq masofani saqlashi lozim edi", — deb xabar qilgan ABC.

Boshqa bir manbaning jurnalistlarga hikoya qilishicha, ikkala samolyot ekipajlari "bir-birini ko‘ra olgan".

O‘z navbatida uchinchi manbaning qayd etishicha, parvoz mobaynida ikkala samolyot ekipaji aviadispetcher bilan doimiy aloqada bo‘lgan, shu sababli "to‘qnashuv xavfi bo‘lmagan".

"Rasmiy shaxslar "masofani saqlamaslik" bilan bog‘liq voqea yuzasidan uchuvchilar va dispetcherlarni so‘roq qilishsa kerak", — deb xabar qiladi telekanal.

Shu bilan birga, aynan qanday samolyot "1-raqamli bort"ga yaqinlashganiga oydinlik kiritilmagan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid