18:00 / 13.02.2017
12319

Kaliforniyacha tahdid: AQShda eng katta to‘g‘on yorilishi xavfi tufayli aholi evakuatsiya qilinmoqda

Amerikaning Kaliforniya shtatida mahalliy hukumat Orovill to‘g‘onidan pastroqda yashovchi deyarli 200 ming kishini shoshilinch evakuatsiya qila boshladi. Buning boisi - to‘g‘onning qulash xavfi paydo bo‘lganida. Reuters agentligi shu haqida xabar berdi. 

Layv-Ok, Merisvill, Uitlend, Plamas-Leyk, Olivxerst, Gridli, Yuba-siti aholi punktlarida istiqomat qiluvchi kishilar o‘z uylarini tark etishmoqda. Ba'zi oilalar xavfli zonadan uzoqlashishga ulgurmasliklari  mumkinligini inobatga olib, qayiqlarni ham o‘zlari bilan olishgan. 

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, eroziyalar tufayli inshootga yetgan zarar natijasida eng yaqin orada zaxira suv havzasining qulashi ro‘y berishi mumkin. 

Joriy qish mavsumida kuchli yog‘inlar natijasida Orovill ko‘lidagi suv sathi sezilarli darajada ko‘tarildi. Kaliforniya shtati suv xo‘jaligi departamenti tvitterda yozuv qoldirdi va bu mahalliy aholi orasida vahimaga sabab bo‘ldi. 

"Yaqin soatlar ichida to‘g‘on qulashi mumkin", - deb yozishdi kecha idora vakillari. 

Mahalliy suv resurslari departamenti mutaxassislari suv sathining pasayishi uchun aviatsiya jalb qilinishi va to‘g‘ondan suv chiqarilishi haqida ma'lum qilishdi. 

Kechki soat 22:00da davlat amaldorlari urinishlar ish bergani, biroq bu hali xavf ortda qoldi degani emasligi va vaziyat haqida oldindan biror nima deyish qiyinligini ma'lum qilishdi. 

"Agar to‘g‘on tuzilmasiga ziyon yetgan bo‘lsa, bu juda yomon", - dedi suv resurslari departamenti direktori vazifasini bajaruvchisi matbuot-anjumanida. 

To‘g‘onda uning tuzilmasiga tahdid soluvchi teshikning paydo bo‘lgani haqida Kori Xani okrug sherifiga ekspertlar xabar berishdi. 

"Minglab insonlar hayotini tavakkalga qo‘ymaslik uchun evakuatsiya e'lon qilish haqida qaror qabul qilingan", - dedi u matbuot anjumanida. 

Shuni ta'kidlash joizki, beton to‘g‘onlarda kamdan-kam eroziya jarayonlari kuzatiladi.

"Qoidaga ko‘ra, bunday to‘g‘onlar juda mustahkam bo‘ladi. U yerda aynan nima xavf ostida ekanligini ayta olmayman.

Suv havzasi teshiklari yuzaki va chuqur bo‘lishi mumkin. Tortishuv ochiladi va to‘g‘on yorilib ketmasdigi uchun ma'lum miqdordagi suv chiqarib yuboriladi. Agar ekspluatatsiyaning imkoni bo‘lmasa, u holda vaziyat halokatga yaqin", - dedi Gidrotexnik va energetik qurilish instituti direktori Nikolay Aniskin "Gazeta.ru" nashriga. 

Suv toshqini ehtimoli bo‘lgan hududdan 32 kilometr masofada joylashgan Chiko tumani (Kaliforniya)da evakuatsiya qilinayotgan kishilar uchun maxsus markazlar tashkil etildi. Orovill tumani magistrallarida xavfli zonani tark etayotgan kishilarning ko‘pligi tufayli katta tirbandlik yuzaga keldi.

Bundan avval payshanba kuni muhandislar to‘g‘onning ba'zi qismlarida beton konstruksiyalarning katta bo‘laklari yo‘qolganini payqashgan. O‘shanda Orovill ko‘lidan suvni asta-sekin chiqarishga qaror qilingandi. 

Juma kuni Kaliforniya shtati gubernatori Jyerri Braun Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha federal agentlikdan bo‘ronlar sabab yuzaga kelgan suv va tuproq ko‘chkisi tufayli FV rejimini e'lon qilishni so‘ragan. 

Orovill to‘g‘oni 16 ming aholisi bo‘lgan shu nomli shahardan biroz yuqorida joylashgan.

1962-1968 yillar orasida qurilgan inshoot AQShdagi eng baland to‘g‘on hisoblanadi, uning balandligi - 230 metr. 

Top