Jahon | 00:44 / 15.02.2017
14259
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen Inning akasi Shimoliy Koreyadagi tuzumni tanqid qilib kelgan

Foto: © EPA/JEON HEON-KYUN

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning Malayziyada vafot etgan katta akasi Kim Chen Nam Shimoliy Koreyadagi ijtimoiy tuzumni ochiqchasiga tanqid qilgan va ukasi Kim Chen Inning davlat boshqaruvidagi qobiliyatlariga shubha bildirgan. U bunday tanqidiy fikrlarini xorijiy OAV, jumladan yaponiyalik jurnalist Yodzi Gomiga bildirgan.

Kim Chen In otasi Kim Chen Ir vafotidan keyin Shimoliy Koreyadagi hokimiyatni meros qilib olgandan so‘ng Xitoyda yashagan Kim Chen Nam "mamlakat siyosiy elitasi joriy siyosiy yo‘nalishni davom ettirishi, uning ukasi esa ramziy shaxs bo‘lishini" aytgan. "Otadan o‘g‘ilga hokimiyatning uchinchi marta topshirilishini jiddiy qabul qilish murakkabdir", deb aytgan o‘shanda Kim Chen Nam. U shuningdek ukasining "bor-yo‘g‘i bir-ikki yil mashqlardan keyin" mutlaq hokimiyatni boshqara olishiga shubha qilgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati  Kim Chen Namdan mamlakatdagi siyosiy tuzumni tanqid qilishdan tiyilishni so‘ragan, biroq u bundan keyin ham jurnalistlar bilan suhbatlarini davom ettiravergan. 

Kim Chen Nam 13 fevralda o‘zi yashaydigan Makaoga uchib ketishi kerak bo‘lgan, biroq to‘satdan o‘zini yomon his qilib, yo‘lda vafot etgan. Uning vafoti sabablari hozircha o‘rnatilmagan, uning jasadini yorishga qaror qilingan. Marhumga suiqasd qilingan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Kim Chen Nam 2001 yildan beri xorijda, xususan Makao, Malayziya va Singapurda yashab kelgan. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda Makaoda marhumga suiqasd qilishga urinish bo‘lgan. Buni tashkil qilishda Shimoliy Koreya maxsus xizmatlari gumon qilib kelinadi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid