Jahon | 18:18 / 16.02.2017
12070
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Trampning yadroviy qurol bo‘yicha bayonotiga javob qaytarishdi

Eron harbiy doktrinasida yadroviy qurolga o‘rin yo‘q. Bu haqda Eron TIV vakili Bahrom Kasimi amerikaliklar hukumatining Tehron bilan munosabatlarda yangi sanksiya qo‘llamoqchiligiga javoban murojaatida aytib o‘tgan.

Bundan avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvi yakunida Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini ta'minlash uchun Tehronga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llash niyati haqida aytgandi.

15 fevral kuni Tramp va Netanyahu ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bundan tashqari, yetakchilar matbuot anjumani tashkil qilib, unda ikki davlat hamkorligi doirasidagi ishlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldi, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi eng dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Ikki siyosatchi o‘zlarining tegishli bo‘linmalariga yaqin oylar ichida ikki mamlakatning kiberxavfsizlik, razvedka, xavfsizlik, savdo, texnologiyalar, Eron va boshqa sub'yektlar tug‘dirayotgan xavflarga qarshi kurash bo‘yicha hamkorligini kuchaytirish uchun qo‘shma ishchi guruhlar shakllantirishni buyurgan.

"Yana bir bor takrorlayman, mamlakatning diniy tamoyillariga ko‘ra ham, rahbariyat siyosatiga ko‘ra ham Eron harbiy doktrinasida yadroviy qurolga o‘rin yo‘q", — degan Kasemi.

Eronga nisbatan yangi sanksiyalar AQSh tomonidan fevral oyi boshida qabul qilindi. Tramp ma'muriyati Eron va yana 6 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqladi. Sanktsiyaga tushgan kompaniyalar qatorida Eronda joylashgan 12ta kompaniya bor. Bu sanksiyalar Eronning ballistik raketalar yaratish dasturi va Livandagi shialarning "Hezbolloh" guruhini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid