Jahon | 20:46 / 16.02.2017
20781
5 daqiqa o‘qiladi

Terrorchilar, xakerlar va ig‘vo: Putinning FXX xodimlari bilan uchrashuvdagi asosiy gaplari

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 16 fevral kuni Federal Xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari bilan uchrashdi.

U FXX faoliyatini sarhisob qilgan, Ukrainani teraktlar tayyorlashda, NATOni ziddiyatni davom ettirishda ayblagan, AQShdan esa munosabatlarni tiklashni so‘ragan.

Putin 2016 yilda dunyoda xavfsizlik uchun tahdid ortganini qayd etib o‘tgan. Rossiya rahbari alohida davlatlar va dunyo markazlari o‘rtasida harbiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarda raqobat kuchayganini ta'kidlagan.

Teraktlar, josuslar va xakerlik hujumlari haqida
Putin 2016 yilda xorij maxsus xizmatlari faolligi oshgani haqida gapirgan. Uning ma'lum qilishicha, 2016 yilda FXX Rossiyada sodir etilishi rejalashtirilgan 16ta teraktning oldini oldi.

Uning aytishicha, FXX xorij maxsus xizmatlarining 386 agenti va 53 nafar mutaxassisi harakatlarini oldindan aniqlagan.

«Xorij maxsus xizmatlari mamlakatimizning harbiy-texnik salohiyati bo‘yicha yopiq ma'lumotlarini qo‘lga kiritishining oldini olish muhimdir», degan Putin.

Putin 2016 yilda Rossiyadagi serverlarga axboriy xurujlar hajmi avvalgi yildagiga nisbatan 3 barobar oshganini keltirib o‘tgan.

Putin internetda ham terrorizmga qarshi kurashni faollashtirish, ekstremistlarning moliyaviy manbalarini yo‘q qilish, ularning homiylari yo‘lini to‘sishni so‘ragan. Prezident himoya tizimini tuzish kun tartibidagi masala ekanini ta'kidlagan.

Ukraina haqida
Putin Ukraina hukumati Rossiyada «qo‘poruvchilik harakati va terrorizm» bilan shug‘ullanganidan gumon qilgan. Davlat rahbari «Kiyevning bunday harakatlari" fonida FXXdan kuchlarni terrorizm bilan kurashga jamlashni talab qilgan.

Uning fikricha, bugungi kunda Ukraina hukumati mamlakat janubi-sharqida yuzaga kelgan vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga qodir emas. Putin e'tiborini oxirgi kunlarda Avdeyevkeda bo‘lib o‘tgan harbiy harakatlarga qaratgan.

«Biz oxirgi vaqtlarda Ukraina janubi-sharqida vaziyat keskinlashgani guvohi bo‘lmoqdamiz. Ularning maqsadi - Minsk kelishuvlarini barbod qilishdir. Ukrainaning bugungi hukumati bu muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga tayyor emas va harbiy kuchga e'tiborini qaratmoqda», degan prezident.

AQSh va G‘arb haqida
Putinning ishonch bildirishicha, G‘arb davlatlari Rossiyaga doimiy ravishda ig‘vo qilib, davlatda qarama-qarshilik paydo qilmoqchiligini aytib o‘tgan. U Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridagi bir qator guruhlar «ba'zi davlatlar»dan yordam olib turishiga ishora qilgan.

Prezident NATOni Rossiya chegaralari bo‘ylab qurolli kuchlarni joylashtirishni jadallashtirishda ayblagan.

«NATOning o‘tgan yil iyulida Varshavada o‘tkazilgan sammitida 1989 yildan buyon ilk marta Rossiya alyans mamlakatlari uchun xavf manbai sifatida tan olindi», dedi Putin.

Putin Rossiya va AQSh maxsus xizmatlari o‘rtasida terrorizmga qarshi kurash masalasida muloqot tiklanishi zarurligini qayd etib o‘tgan. Prezident «xalqaro maydondagi barcha qiyinchiliklarga qaramasdan» o‘zaro hamkorlik «yangi bosqichga chiqishi kerakligi» haqida gapirgan.

«Muloqot uzilgani va rivojlanmay qolgani bizning aybimiz emas. Ko‘rinib turibdiki, aksilterror sohasida barcha mas'ul davlatlar va birlashmalar hamkorlik qilishi kerak», degan Rossiya rahbari.

Putin AQSh prezidenti Donald Tramp yordamchisi Rossiya razvedkasi bilan sirli muzokaralari haqidagi xabarlar fonida Amerika maxsus xizmatlari bilan hamkorlikni tiklashga ko‘rsatma bergan. Rossiya hukumati bu ma'lumotni isbotlanmagan deb atagan.

Diplomatlar xavfsizligi haqida
Vladimir Putin xorijdagi Rossiya diplomatlari xavfsizligini kuchaytirishga chaqirdi.

«Dahshatli jinoyat — Turkiyadagi elchimizning o‘ldirilishi — xorijdagi Rossiya fuqarolari va vakolatxonalarimiz xavfsizligiga doir masalaga jiddiy yondashish zarurligini ko‘rsatdi. Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi razvedka xizmati bilan hamkorlikda qo‘shimcha xavfsizlik chora-tadbirlari qabul qilishlaringni so‘rayman», — dedi Putin.

Mavzuga oid