19:27 / 16.02.2017
11157

“O‘zkimyofarm” AJ organizmni kompleks davolaydigan preparatlar ishlab chiqarmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 31 oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, barcha viloyatlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod farmatsevtika korxonasi faoliyat ko‘rsatib, ularda 2,1 mingdan ortiq nomdagi dori, tibbiyot buyumlari va maxsus texnika vositalari ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekistonning shifobaxsh o‘simliklarga boyligidan kelib chiqib, mahalliy o‘simliklardan dori vositalarini ishlab chiqarish yurtimiz farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. 120 dan ziyod korxona bunday o‘simliklarni yetishtirish, yig‘ish va qayta ishlash bilan shug‘ullanadi.

“O‘zkimyofarm” aksiyadorlik jamiyati ana shunday yirik korxonalardan biridir.

Hozirgi kunda “O‘zkimyofarm” aksiyadorlik jamiyatida kasallikni davolash, tashxis qo‘yish va uning oldini olishda qo‘llaniladigan preparatlarni yaratish va ishlab chiqarish ishlari amalga oshirilmoqda. Qariyb yuzga yaqin nomdagi mazkur preparatlar 14 farmakoterapevtik guruhni qamrab oladi.

Jamiyatda fitin, tefestrol, ragosin, gazolidon, mikroyodid, antistrumin va nitroksolin singari noyob tibbiy preparatlar ishlab chiqarilmoqda. Bu o‘ziga xos galen preparatlari qimmat, sintetik preparatlar o‘rnini bosib, organizmni kompleks davolashda ishlatiladi. Fermer xo‘jaliklari mazkur dorilarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan o‘simlik xomashyosini yetishtirib, korxonaga yetkazib berayotir. Tayyor mahsulot suyuq galen, kapsula preparatlari, sirop, tabletka va maz singari shakllarda sotuvga chiqarilmoqda.

Har bir ishlab chiqariladigan dorilar turkumi “O‘zkimyofarm” aksiyadorlik jamiyatining mikrobiologik tahliliy laboratoriyasida atroflicha sinovdan o‘tkazilmoqda. Mazkur laboratoriya xalqaro standartlarga mos, yuqori samarali zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan. Xususan, ilgari bir turkum dorini tekshirish uchun ikki haftagacha vaqt sarflangan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ish 1-2 kun ichida amalga oshirilmoqda.

Import o‘rnini bosadigan galen preparatlarini yaratish va ishlab chiqarish mamlakatimiz farmatsevtika bozorida yuqori samarador va arzon dori vositalari nomenklaturasining yanada kengayishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid
Top