19:49 / 17.02.2017
10565

Namanganning Pop tumanida 50ta, Chust tumanida esa 33ta oila qayta tiklandi

Namangan viloyat hokimining mamlakat rahbarining ma'ruza va ko‘rsatmalariga asoslangan “Namangan viloyat mahallalarida 2017 yil fevral-mart oylarida “Yarashtirish komissiyasi” oyligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarori Prezident tomonidan boshlab berilgan xayrli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 

Ushbu qarorga muvofiq viloyat hokimining ishchi guruhi tuzilib, oilada ma'naviy muhitni yuksaltirish, hayotning har qanday sinovi uning qo‘rg‘oniga daxlsiz bo‘lishi  lozimligi borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari  olib borilmoqda. Viloyat hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hilola Yusupova boshchiligidagi ushbu guruh a'zolari shahar va tumanlarda arazlashgan oilalar ro‘yxatini shakllantirib, yarashtiruv ishlarini boshlab yuborishdi.  

Birgina Pop tumanida o‘tkazilgan ana shunday savobli ishlar natijasida 50 ta oila qayta tiklandi. Yarashtiruv komissiyasining Chust tumanidagi faoliyati ham Akbarov Abdurashidov singari fuqarolarning quvonchining  sabab bo‘ldi.

“Arzimagan sabablar tufayli turmush o‘rtog‘im bilan arazlashib qolgandik. Yarashtiruv komissiyasi a'zolarining tushuntirish ishlari davomida shuni anglab yetdimki, hech bir inson oilasiz baxtli bo‘la olmaydi. Men bugun chin ma'noda baxtli insonman. Chunki, bugun turmush o‘rtog‘im yonimda, farzandim bag‘rimda, oilam but”, - deydi Abdurashidov.

Namangan viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, Prezidentning ko‘rsatmalari va viloyat hokimining qarori asosida tashkil etilgan ishchi guruh xizmatlari sabab Chust tumanida ham oilasi qayta tiklangan 33ta xonadonda xursandchilik hukmron. Bunday xayrli tadbirlar viloyatda davom etmoqda.

Top