19:10 / 18.02.2017
24397

Samarqandda firibgarlik jinoyati so‘nggi paytlarda ko‘p uchramoqda

16 fevral kuni Samarqand viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hududlar prokurorlari va ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari 2017 yilda sodir etilgan jinoyatchilik, huquqbuzarlik va boshqa qonunbuzarliklar haqida hisobot berishdi. 

Yig‘ilishda dastlab Samarqand viloyat hokimi Himmat Oqbo‘tayev viloyatda yoshlar ta'lim-tarbiyasi, voyaga yetmaganlarni huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasidagi tizimli ishlar xususida so‘z yuritib, bu borada viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ma'lumot berib o‘tdi.  Xususan, viloyat hokimligi tomonidan 112 nafar xodimlardan iborat 16 ta ishchi guruh tomonidan viloyatdagi 150 dan ortiq maktablar va 58 ta internet-kafe, 35 ta dam olish maskanlari, 12 ta bozorlarda va o‘ndan ortiq jome' masjidlarida o‘rganish ishlari olib borilganligi ta'kidlab o‘tildi.

Viloyatda ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, bu boradagi tizimli ishlarni to‘g‘ri tashkil etish va bu borada huquqni muxofaza etuvchi idoralar bilan bir qatorda, keng jamoatchilik vakillarini ham jalb etishga alohida e'tibor qaratilgan. O‘tkazilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlariga qaramasdan, sohadagi eng og‘riqli nuqtalardan biri sifatida insonlarning chuv tushirish orqali firibgarlik jinoyatini sodir etish hollari so‘nggi kunlarda viloyatda ham ko‘p uchrayotganligi ta'kidlandi.

Yig‘ilish davomida Ichki ishlar organlari xodimlari bilan aholi o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonch va ochiqlikni ta'minlash, sodir etilayotgan jinoyatchilikni oldini olish maqsadida profilaktika inspektorlari, militsiya tayanch punktlari bilan bir qatorda mahalla posbonlarining o‘rni katta ekanligi ta'kidlandi. Xususan, sodir etilayotgan jinoyatlarni aksariyati tunda yuz berayotganligi bois, bu borada mahalla posbonlarining mas'uliyatini oshirish, ularni o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshish lozimligi ta'kidlab o‘tildi. 

Profilaktika kuni munosabati bilan viloyat huquqni muxofaza qiluvchi idoralarning rahbarlari, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va bunga imkon yaratgan shart-sharoitlar, kelgusida yo‘q qo‘yilmaslik borasida viloyatning har bir mahallalarida chiqishlar amalga oshirildi. Chiqishlar davomida viloyat bo‘yicha 15 minga yaqin aholi xonadonlariga kirilib, oilalardagi vaziyat, aholini qiynayotgan ijtimoiy ta'minot va boshqa masalalaridagi muammolari o‘rganildi.  

O‘tkazilgan profilaktik uchrashuvlar davomida ichki ishlar idoralari tomonidan umimiy hisobda 474 ta ma'muriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 6 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan va ikki nafar giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan shaxslar majburiy tartibda davolanishga yuborilib, ular tomonidan sodir etilishi lozim bo‘lgan jinoyatlarning oldi olindi.  

Davlat rahbari tomonidan belgilangan profilaktika kuni munosabati bilan Samarqand viloyat prokuraturasi organlarining 70 nafar xodimlari tomonidan 11 yarim mingdan ortiq fuqarolar bilan turli xil uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilib, aholiga sodir etilayotgan jinoyatlar va huquqbuzarliklar haqidagi ma'lumotlar bilan birgalikda, bugungi kunda sodir bo‘layotgan voqea va hodislar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xususan, keyingi vaqtlarda respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, qabul qilinayotgan qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil tushunchalar berildi.   

O‘tkazilgan profilaktik uchrashuv davomida, transmilliy jinoyatlardan hisoblangan diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik va odam savdosining oqibatlari, hamda ularga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan tadbirlar nafaqat huquqni muxofaza qiluvchi organlarning, balki keng jamoatchilikning eng asosiy vazifalardan biri ekanligi tushuntirilib borilmoqda.

Yig‘ilish davomida sohadagi mutasaddi rahbarlar fuqarolarning har bir murojaati e'tiborsiz qolmay, xizmatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, jinoyat tafsilotlarini muhokama qilish mexanizmini shakllantirish orqali sodir bo‘layotgan ko‘ngilsizliklarni oldini olish lozimligi ta'kidlandi.  

Majlisda ichki ishlar organlarining har bir xodimi bildirilgan fikrlardan tegishli xulosa chiqarib, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, har bir oila, har bir inson, mahalla xavfsizligini ta'minlashdek murakkab, ayni vaqtda sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyati, kuch-g‘ayratini safarbar etishi lozimligi ta'kidlandi.

Top