O‘zbekiston | 10:50
512
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi

Samarqand viloyatining olis va chekka hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida yangi investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu borada prezidentning tegishli qarori qabul qilinib, qishloq xo‘jaligi, naslchilik va oziq-ovqat xavfsizligiga qaratilgan qator tashabbuslar belgilandi.

“Samarqand viloyati hududlarini kompleks rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, bir qator tumanlarda yirik investitsiya va agrar loyihalar amalga oshiriladi.

Jumladan, 2026 yil 1 avgustga qadar Oqdaryo tumanida 100 gektar maydonga mini-tuganak ekilib, natijada olinadigan 4 ming tonna super-super elita kartoshka urug‘i belgilangan tartibda dehqon xo‘jaliklariga bepul tarqatiladi.

Bulung‘ur tumanida Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda qiymati 50 million AQSh dollariga teng bo‘lgan, yiliga 100 ming bosh quvvatga ega naslchilik korxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Oqdaryo, Qo‘shrabot va Samarqand tumanlarida Niderlandiya investorlari ishtirokida umumiy qiymati 20 million dollarlik loyiha amalga oshiriladi. U doirada yiliga 800 ming dona naslli jo‘ja ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona faoliyat boshlaydi.

Qarorga ko‘ra, Paxtachi tumanidagi suv ta’minoti murakkab bo‘lgan Qirguli mahallasi hududida ham yangi agroloyiha yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, 28,6 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi asosida pista va bodom plantatsiyalari tashkil etiladi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar Samarqand viloyatining chekka hududlarida investitsiyaviy faollikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid