12:26 / 19.02.2017
19773

Rossiya Fransiya prezidentligi uchun saylovlarga aralashishda ayblandi

Foto: «Kommersant'»

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Eroning aytishicha, Rossiya tomonidan mamlakat prezidentligiga saylovlarda nomzod bo‘lmish Emmanuel Makronning elektron pochtasi va saytiga kiberhujumlar uyushtirilishiga qarshi choralar ko‘rish kerak.

"Ko‘rinib turibdiki, Rossiya Fransiyadagi prezidentlik kampaniyasida Marin Le Pen yoki Fransua Fiyon ustun kelishini istamoqda", - degan vazir Journal du Dimanche gazetasi uchun bergan intervyusida.

U kiberhujumlar yevropaparastlar nomzodi bo‘lmish Emmanuel Makronga qaratilganini qayd etib o‘tgan.

"Bunday shaklda Fransiyadagi demokratik hayotga aralashishga urinishga toqat qilib bo‘lmaydi", degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Rossiya boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashish qoidalarga zid ekanini anglashi" kerak.

"Fransiya o‘z tanlovi o‘zgalarning diktovkasi ostida o‘tishiga yo‘l qo‘ymaydi", degan vazir.

Fevral oyi boshida Makronning shtabidagilar Rossiyaga aloqador xakerlar tomonidan hujum bo‘lgani haqida xabar qilgandi. Moskvadagilar bu hujumga Kremlning aloqadorligini inkor qilib chiqqan.

Foto: «RIA Novosti», Emmanuel Makron

Ma'lumot uchun, Fransiya prezidentligi uchun saylovning birinchi turi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Agar unda nomzodlarning hech biri ko‘pchilikning ovozini qo‘lga kirita olmasa, 7 may kuni eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod ishtirokida ikkinchi tur saylovlari o‘tkaziladi.

Ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, «Milliy front» partiyasi yetakchisi Marin Le Penning Fransiya prezidentligi uchun saylovda g‘olib chiqish imkoniyati oshgan.

So‘rov natijalari saylovning birinchi turida Marin Le Pen 26 foiz olib birinchi, Fransiyaning sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron 22 foiz bilan ikkinchi, sobiq bosh vazir Fransua Fiyon esa 21 foiz bilan uchinchi bo‘lishini ko‘rsatgan.

Saylovning ikkinchi turida esa Emmanuel Makron g‘olib chiqishi aytilgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 63 foizi Makronga ovoz beradi, 37 foizi esa Marin Le Pen nomzodini tanlaydi.

Foto: AFP

Saylovoldi poygasi avvalgi yetakchi, sobiq bosh vazir Fransua Fiyonning mashhurligi rafiqasi Penelopa bilan bog‘liq mojarodan so‘ng pasayib ketdi. Penelopa Fiyon turmush o‘rtog‘i deputat bo‘lib turganida uning yordamchisi sifatida 8 yil ichida 800 ming yevrodan ortiq maosh olgan. Fransiya politsiyasi bu ish bo‘yicha surishtiruv doirasida Senat binosida tintuv o‘tkazdi.

Nomzodlar qatorida Sotsialistlar partiyasi nomzodi, sobiq ta'lim vaziri Benua Amon ham bor.

Top