Jamiyat | 16:30 / 20.02.2017
21611
10 daqiqa o‘qiladi

Baxt qasidasi: Mashhurlik ortidagi iztirob va yo‘qotishlar

20 asr oxirida Kianu Rivz Hollivud yulduziga aylandi. Uning fantastik "Matritsa" filmidagi bosh roli esa rejissyor va prodyuserlar orasida aktyorga bo‘lgan talabni oshirdi. Biroq davomiy kelgan shaxsiy hayotdagi fojialar va hafsalaning so‘nishi Rivzning rejalarini barbod qildi. 

U qat'iyatli va jasur rollar aktyori sifatida kino olamiga qaytish uchun ko‘p yillar davomida og‘ir yo‘qotishlarni boshdan kechirishni o‘rgandi. 

Mavqening gullab-yashnashi

Kianu Rivz Livan poytaxti Beyrutda tug‘ilgan. U uch yoshga to‘lganida otasi oilani tashlab ketadi va keyinroq giyohvand moddalarni sotgani uchun qamoqqa tushadi. Bolaligining ko‘p qismini dunyo bo‘ylab sayohatlarda o‘tkazgan Rivz uzoq vaqtgacha nima bilan shug‘ullanishni bilmaydi. Xokkeychi bo‘lish istagi esa og‘ir jarohat olganida puchga chiqadi. Keyinchalik u maktabdan haydaldi va taqdir Kianuni Los-Anjyelesga yetaklab keldi. 

Avvaliga o‘zini mayda rollarda sinab ko‘rgach, 1986 yilda Rivz real qotillikka asoslangan "Daryo qirg‘og‘ida" yoshlar trillerida bosh rollardan birini ijro etadi. Tanqidchilar orasida film shu darajada muvaffaqiyat qozondiki, Rivzni boshqa yoshlarbop kartinalarga chaqira boshlashdi. U vaqtda aktyor bor-yo‘g‘i 22 yosh edi va bunday natija uni to‘liq qondira oldi. 

Biroq bir yil o‘tgach, Rivzning eng yaqin do‘sti haddan ortiq giyohvand modda qabul qilib, olamdan o‘tdi. Shundan to‘rt yil o‘tgach, 1991 yilda aktyor o‘smir va yosh yigitlar rollaridan voz kechdi hamda "To‘lqin cho‘qqisi" filmida FQB agenti rolini ijro etdi.  

Tanqidchilar va muxlislar orasida kartinaning muvaffaqiyati aktyorga taniqli prodyuserlar orasida mashhurlik olib keldi. Shuningdek, MTV telekanalining talqini bo‘yicha "1991 yilning muxlislar orzusidagi erkagi" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. "To‘lqin"dagi omad esa 20 asrning eng taniqli amerikalik rejissyori — Frensis Koppolaning e'tiborini tordi. Rivzni "Drakula"da bosh rollardan birini ijro etishga chaqirishdi. 

"Drakula"da katta aktyorlar bilan birga ishlagan Kianu o‘z ustida qattiq ishlashi kerakligini tushunib yetdi. 1994 yilda "Tezlik" jangari filmida u o‘zini bosh qahramon sifatida sinab ko‘rdi va yaxshi baholar oldi. Keyin "Bulutlar aro sayr" romantik dramasida Hamlet rolini qoyilmaqom ijro etib, teatrda ham ijod qildi.  

1997 yil u aktyor Al Pachino bilan "Iblisning advokati" kartinasida birga suratga tushdi. Film suratga olish ishlarida qiziqarli fakt mavjud: Rivz filmga aynan Al Pachino chaqirilishi uchun gonorarining katta qismidan voz kechishga rozi bo‘lgan. Filmning qiymati 57 million dollar bo‘lgan bo‘lsa-da, u Box Office'da 157 millon dollar to‘pladi va Rivzning aktyorlik mavqeini oshirdi. 

1999 yilda Rivz taniqli Neo rolini talqin etgan fantastik film «Matritsa» katta ekranlarga chiqadi. Kartinaning omma va tanqidchilar orasidagi mislsiz muvaffaqiyati Rivzga tuganmas shuhrat olib keldi, aktyorni hamon aynan shu film orqali yaxshi tanishadi.

Oilaviy fojia

Aktyorlik shuhrati o‘zi bilan bir vaqtda Rivz uchun oilaviy ko‘ngilsizliklarni ham yetaklab keldi. Yangi yil arafasida aktyor 1998 yil tanishgan sevimli yori Jyennifer Saymning homilasi nobud bo‘ladi. Unga Ava Archer Saym-Rivz deb ism berishni rejalashtirishgan edi.

Fojia Saymni chuqur iztirobga soladi va ichkilikbozlik, og‘ir dorilar qabul qilishga odatlanadi, Rivz esa ishiga berilib ketadi. 

Tez orada juftlikning munosabatiga darz ketadi. Rivz aktyorlik karerasidan voz kecha olmasdi, Saym esa shunchaki yolg‘izlikni istaydi. 2001 yilda qiz avtohalokatda vafot etadi. Bu esa Rivzga yana bir og‘ir zarba bo‘ladi. Uni Avaning qabri yoniga ko‘mishadi.

2003 yilda Kianuning boshiga yana bir musibat tushadi — singlisi Kim davosi yo‘q leykemiyaga chalinadi. Singlisi bilan yaqin bo‘lish maqsadida u turar-joyini o‘zgartirdi. Kasallikni tadbiq qilish uchun 5 million dollardan ortiq mablag‘ sarfladi va singlisi davolanayotgan kasalxonaga pullarini ayamadi.

Rivz ko‘pincha suratga olish jarayonlarini qoldirib, shifoxonalarga ketib qolar edi. Hollivudda esa u haqida giyohvand moddalarga bog‘lanib qolgan, deya mish-mishlar tarqaldi.

Keyinchalik Rivz o‘zi eng og‘ir damlarda ham faqatgina singlisi yoniga kelib, uni qo‘llab-quvvatlagan. Aktyor saraton bilan kurashuvchi o‘z jamg‘armasiga asos soladi. Natijada, "Matritsa" trilogiyasidan olgan daromadining 75 foizini leykemiyaga qarshi kurashish va kasallikni o‘rganishga sarfladi.  

2017 yil fevral oyidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Rivzning singlisi sog‘aygan: hozirda uning kasalligi remissiya holatida.

2010 yilda internet bo‘ylab Splash News nashri tomonidan suratga olingan "G‘amgin Rivz" memi paydo bo‘ladi. Suratda Rivz ko‘cha skameykasida oddiy kiyimda sendvich yeb o‘tirgani tasvirlangan.

Memning mashhur bo‘lishi ko‘plab insonlarning aktyor hayotidagi fojiali voqealarga bo‘lgan qiziqishini orttirdi. Endi yangicha mish-mish paydo bo‘ldi: aktyor og‘ir tushkunlikka botgan, shu sababli ham eski, arzon kiyimlarni kiyib olgan.

2011 yilda “Bi-bi-si” jurnalisti Rivzdan internet-memga qanday munosabatda ekanligi va o‘zini "g‘amgin shaxs" deb bilishi haqida so‘raydi. Aktyor unga javoban bu mem kulgili ekanligini aytadi, biroq shaxsiy kechinmalari to‘g‘risidagi savollarga hech qanday javob bermaydi.

Rivzning kamtarligi aynan uning boshiga tushgan musibatlar sababli ekanini aniq aytish juda qiyin. 2014 yilda ma'lum bo‘ldiki, moliyaviy ahvoli 350 million dollardan ortuvchi aktyor qimmat bo‘lmagan uyda oddiy hayot kechiradi.

Hollivuddagi boshqa hamkasblaridan farqli o‘laroq, Rivz hashamatli dala-hovli sotib olmagan. Hattoki, sevgilisi vafot etib, singlisi og‘irlashgan vaqt ham ijara va mehmonxonalarda yashab kelgan. 

"Pullar — men eng so‘ngida o‘ylaydigan narsa", — degan edi Rivz 2003 yilda. Shundan beri, u dabdabaga katta e'tibor qaratmagan. 

2011 yilning dekabrida YouTube'da jinsi va qora kamzul kiygan Rivz Nyu-Yorkdagi metroda qizga joy berayotgani tasvirlangan video paydo bo‘ldi.

Rivzning bag‘rikengligi haqida turli gap-so‘zlar yuradi. U muxlislari ko‘z oldida nafaqat aktyor, balki haqiqiy inson sifatida ham gavdalanadi. Masalan, u o‘zining xayriya ishlarini film suratga olish chog‘ida ham amalga oshirgan: u "Matritsa"ning birinchi qismida ishtirok etgan har bir kaskadyorga mototsikl hadya qiladi.

2011 yil Rivz rassom Aleksandra Grant bilan birga "Baxt qasidasi" kitobini yozadi. Rasmlar bilan bezalgan kitob aktyor she'rlaridan iborat bo‘lib, undagi suratlar misralarni xuddi ko‘z yoshi bilan yuvayotgandek tuyuladi. Biroq kitobning oxiri rag‘batlantiradi: «Har doim bundan-da yomoni bo‘lishi mumkin», — deydi muallif. Keyinchalik, aktyor kitob shunchaki ishtiyoq bo‘lgani va uni jiddiy qabul qilish kerak emasligini aytib o‘tadi. 

"Matritsa" trilogiyasi (2003) va "Konstantin" (2005) filmlaridan so‘ng Rivzning aktyorlik faoliyatida og‘ir damlar yuz berdi. Goh havaskor, goh omadsiz kartinalarda suratga tushib, u "Matritsa" qahramonidan asta-sekin ulg‘aya boshladi.  

Biroq vaziyat 2014 yilda keskin o‘zgardi va aktyor "Jon Uik" jangari filmida suratga tushdi. Rivz og‘ir kasallik tufayli rafiqasini yo‘qotgan sobiq yollanma qotil Uik rolini o‘ynaydi. 

Endilikda "Jon Uik"ning shov-shuvli muvaffaqiyatidan so‘ng uning ikkinchi qismi ham katta ekranlarga chiqdi. Bu esa Rivzning faoliyati yana davom etishidan darak beradi. 

10 fevral kuni "Jon Uik 2" kartinasining premerasi munosabati bilan Esquire nashri Rivz bilan intervyuni chop etdi.  Qiziqarli maqolada aktyorning iboralari aks etgan qisqa tarjimai holi haqida yozilgan. 

Aktyor hayotining g‘amgin onlari haqida esa maqola oxirida so‘z boradi: Tug‘ilmagan farzandning nobud bo‘lishi, sevgilisining vafot etishi — jurnalist bu damlarni yodga olar ekan, aktyordan shaxsiy hayotda yangilik qilish istagi bor-yo‘qligi haqida so‘raydi: 

"Endi juda kech. Men farzandli bo‘la olmayman" — deya javob berdi Rivz. 

Mavzuga oid