Jamiyat | 14:23 / 20.02.2017
27061
3 daqiqa o‘qiladi

Reyting: Yer yuzidagi eng "zaharli" muhit qaysi davlatlarga to‘g‘ri keladi?

Saudiya Arabistoni va Kuvayt Yer yuzidagi eng "zaharli" mamlakatlar deb tan olindi. Shuningdek qo‘shni Qozog‘iston va Turkmaniston ham reytingning birinchi o‘nligidan joy oldi. BusinessInsider dunyoning eng zaharli mamlakatlar ro‘yxatini taqdim etdi. 

The Eco Experts 135 mamlakatdagi besh omilni inobatga olgan holda shunga doir ma'lumotlarni to‘pladi - aholi jon boshiga energiya iste'moli, yoqilig‘ining yonishidan CO2 gazlarining ajralishi, havoning ifloslanish darajasi, havoning ifloslanishi bilan bog‘liq o‘lim holatlari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari. 

Olimlar havoning ifloslanish darajasinigina o‘rganmay, iqlimning o‘zgarishi bilan kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlarga ham diqqatni qaratishdi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni dunyoning eng yirik neft ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi, biroq shu bilan birga u qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega, holbuki mamlakatdagi ob-havo sharoiti quyosh energiyasi uchun juda qulay. The Eco ekspertlarining ta'kidlashlaricha, bu mamlakatning aholi salomatligi va atrof-muhit tozaligiga loqayd munosabatda bo‘lishidan dalolat beradi. 

Xitoy qayta tiklanuvchi energiya manbalariga katta miqdorda mablag‘ ajratadi. Bu havoning ifloslanish darajasi yuqoriligi bois mamlakatning "yashil kelajak" sari yo‘l izlayotgani va zaharlanish darajasi bo‘yicha reytingda pastlayotganidan dalolat beradi. 

Yevropadagi eng zaharli davlat sifatida esa Lyuksemburg tan olingan, u qo‘shni mamlakatlarning (Germaniya va Belgiya) ifloslanishidan katta zarar ko‘rmoqda. Buyuk Britaniya ushbu reytingda 81-o‘rinni, AQSh esa 66-o‘rinni egallagan. 

Dunyoning eng zaharli 10 mamlakati:

1.  Saudiya Arabistoni
2.  Kuvayt
3.  Qatar
4.  Bahrayn
5.  Birlashgan Arab Amirliklari
6.  Ummon
7.  Turkmaniston
8.  Liviya
9.  Qozog‘iston
10.  Trinidad va Tobago

Hisobotga ko‘ra, eng kam zaharlangan mamlakatlar asosan sanoati kam rivojlangan Keniya, Mozambik va Efiopiya kabi Afrika mamlakatlari bo‘lib chiqqan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid