Jahon | 09:22 / 20.02.2017
6936
2 daqiqa o‘qiladi

Stokgolm AQShdan Trampning so‘zlariga tushuntirish berishni so‘radi

Shvetsiya hukumati AQSh prezidenti Donald Trampning 17 fevralda Shvetsiya muhojirlar sababli muammolarga duch kelgani haqidagi so‘zlariga AQSh rahbariyatidan aniqlik kiritishni so‘radi. Bu haqda Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Katarina Akselsson ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Aftonbladet nashri.

"Bizning Vashingtondagi elchixonamiz AQSh Davlat departamenti bilan Trampning Shvetsiya borasidagi so‘zlari nimaga tegishli ekani borasida aniqlik kiritish iltimosi bilan murojaat qildi", deb aytdi Akselsson.

AQSh prezidenti Floridadagi nutqi vaqtida Germaniyada qochqinlar bilan bog‘liq vaziyatga izoh berarkan, Shvetsiyada "nima yuz berganiga" e'tibor qaratishni so‘ragan. 

"Bir ko‘ring, Shvetsiyada kecha nima sodir bo‘ldi. Shvetsiyada-ya, kim ham o‘ylardi? Kim ham bunga ishonardi. Shvetsiya katta miqdorda muhojirlarni qabul qildi va unda imkoni yo‘q deb tasavvur qilingan muammolar paydo bo‘ldi", deb aytdi Tramp.

Nashrning aytishicha, OAV Shvetsiyada 17 fevralda yuz bergan barcha voqealarni eslab o‘tib, hech qanday shubhali narsa aniqlamagan. Bu borada yagona taxmin, Tramp Shvetsiyada muhojirlar haqida namoyish qilingan ko‘rsatuvni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin. Bu ko‘rsatuv AQShning Fox News telekanalida ko‘rsatilgan.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, aynan shu taxmin to‘g‘ri bo‘lib chiqqan. Tramp tvitterdagi sahifasida Fox News’ning ko‘rsatuvini nazarda tutganini aytgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid