O‘zbekiston | 00:12 / 21.02.2017
12278
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri ziyoratchilari umra amallarini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi

Foto: muxlis.uz

Joriy yilning 20 fevral kuni, erta tongda, o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Toshkent shahri ziyoratchilaridan iborat dastlabki guruhi, Toshkent–Jidda yo‘nalishida umra amallarini ado etish maqsadida, Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketishdi. Bu xaqda muslim.uz xabar beradi. 

Erta tongda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimlari ishtirokida, jami 230 nafardan iborat: ziyoratchilar, ishchi guruhi, guruh rahbarlari, shifokorlar va oshpazlar Saudiya Arabistoniga kuzatildi. 

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkai mukarramada “Abroj al-Kisva” va Madinai munavvarada “Nur al-Mavadda” mehmonxonalariga joylashadilar. Ularga O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi bir necha yillik hamkori “al-Hidoya” shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. 

Ziyoratchilarni Jidda shahri aeroportida kutib olish va kuzatish tadbirlari Haj va Umra masalalari bo‘yicha Attashe Z.Abdullayev boshchiligida, ishchi guruhi va “al-Hidoya” shirkati xodimlari bilan birgalikda, uyushgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, ziyoratchilarga o‘zbekistonlik tajribali ishchi guruhi, shifokorlar hamda mohir oshpazlar xizmat ko‘rsatadilar. 

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi bahorgi umra mavsumida, 5500 nafar va Ramazon mavsumida, 670 nafar O‘zbekiston fuqarosi umra ziyoratiga borishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, “Umra-2017” bahor mavsumi ziyoratchilarini kuzatish 1 aprelga qadar davom etadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid