Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Rossiyaga qarshi tura oladigan general topdi
Donald Tramp Iroq urushi qahramoni, ayni vaqtda 54 yoshda bo‘lgan general-leytenant Gerbert Reymond Makmasterni Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yangi maslahatchisi etib tayinladi. U Rossiya elchisi bilan muloqoti ortidan yuzaga kelgan mojaro tufayli iste'fo bergan Maykl Flinning o‘rnini egalladi. Bundan oldingi xabarlarda ushbu lavozimni egallagani aytilgan Kit Kellog ham Milliy xavfsizlik kengashida qoladi, u 13-20 fevral kunlari davomida bu lavozimda vaqtincha rahbar vazifasini bajardi. Reymond Makmaster MXK direktori hisoblanadi.
Makmaster armiya strategi sifatida mashhur. U AQShning o‘tgan asrdagi siyosati tanqidchisi (xususan, Vetnam urushi borasida), Pentagonning Rossiya harbiy qudratini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlari mualliflaridan biri.
Ulkan tajribaga ega odam

Makmasterni yangi lavozimga tayinlar ekan, Tramp uni "ulkan tajriba va talantga ega odam" sifatida atadi. "U armiyada katta hurmat va e'tiborga ega shaxs, u bizning yonimizda ekanligi bilan faxrlanamiz", dedi prezident.
Prezidentning bu qarorini hatto uning tanqidchisi ekani bilan ma'lum senator Jon Makkeyn ham qo‘llab-quvvatladi. U Trampning tanlovini "oqilona" deb atadi, Makmasterning o‘zi haqida esa shunday dedi: "Teran aqlga ega, bosiq xarakterli, muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘lni bilguvchi sara kishi".
Makmaster 1962 yilning 24 iyulida Filadelfiya shtatida dunyoga kelgan. U 1980 yilda Velli-Forjdagi harbiy akademiyani tamomlagan, 4 yil o‘tib esa Vest-Poynt akademiyasini (AQShdagi eng oliy harbiy ta'lim muassasasi) bitirgan. U Germaniyadagi harbiy bazada harbiy xizmatni o‘tagan, Iroqdagi "Sahro bo‘roni" amaliyotida ishtirok etgan, Kumush yulduz ordeni bilan mukofotlangan. Keyinroq Yaqin Sharqda xizmat qilgan, 2000-yillar boshida Iroq va Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etgan.
Keyinroq esa AQSh Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligida tayyorgarlik va muvofiqlashtirish masalalariga mas'ul bo‘lgan. 2014 yildan buyon AQSh quruqlik qo‘shinlarining integratsiya imkoniyatlari markazini boshqarib kelgan. 2014 yilda Times nashri uni "21 asr armiya vakillari orasidagi eng yuksak tafakkurli arbob" sifatida tan olgandi. U "AQSh armiyasi kelajagining bunyodkori" sifatida ta'riflanadi.
New York Times nashrining qayd etishicha, Maykl Flinndan farqli o‘laroq general-leytenant Makmaster Tramp bilan avvaldan tanish bo‘lmagan.
Makmaster saboqlari

Makmaster armiya askari sifatida dunyoning qaynoq nuqtalaridagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etishdan tashqari, bir qancha tarixiy ishlar yozgan. U 1997 yilda Vetnam urushiga bag‘ishlangan hujjatli asarini nashr qildirgan. U o‘z ishida AQShning Janubi-Sharqiy Osiyodagi harakatlarini qattiq qoralagan. "Vetnamdagi urush jang maydonida yoki gazetalarning birinchi sahifalarida yutqazilmagan. Urush taqdiri Vashingtonda hal bo‘lgandi", degandi u. U bu orqali Vashington olib boradigan siyosat AQShning o‘zi uchun tashqi tahdidlardan ko‘ra xavfliroq bo‘lishiga ishora qilgandi.
U bir necha marta AQSh armiyasining texnik jihozlanishida ortda qolishdan tashvishlarini bildirgan. "Bizni bir qancha salohiyatli raqiblar quvib o‘tmoqda. Kelgusida bizning armiyamiz mamlakat xavfsizligini ta'minlay olmas darajada kuchsizlanishi mumkin", degandi u.
U AQSh armiyasi safida harbiylar soni kamayganidan ham xavotir bildirgan.
Makmaster "Bredli harbiy mashinalari va Abrams tanklari tez orada eskiradi" deb hisoblaydi. U amerikaliklar armiyasidagi zaif jihatlarni Rossiya qurolli kuchlari salohiyati bilan solishtirish orqali belgilaydi.
"Rossiya boshqariluvchi va boshqarilmaydigan ulkan raketalarga egalik qiladi. Shuningdek, ularning artilleriya tizimi ham AQShnikidan ustun", deya uning so‘zlarini keltirgandi Politico.
Makmaster va Rossiya
2015 yilning fevralida Makmaster AQSh hukumatiga Ukrainadagi voqealar tufayli Rossiya bilan munosabatlarda «xorijda mavqeni saqlash» prinsipini qo‘llashni maslahat qilgandi. U Rossiyani «gibrid urushi» olib borishda ayblagandi.
«Biz shuni tushunishimiz muhimki, urush - faqat jang maydonida emas, undan uzoqlarda ham olib boriladigan raqiblikdir. Bundan tashqari, urush siyosiy to‘ntarishlarni amalga oshirishni ham o‘z ichiga oladi, bunday urush bilan ayni vaqtda Rossiya boshqa hududlardagi ozchilik ruslar manfaatlarini himoya qilish bahonasi ostida faol shug‘ullanmoqda», deydi general.
Politico nashrining qayd etishicha, Makmaster Rossiyaning harbiy harakatlari borasida qat'iy pozitsiyada. Nashrning taxminiga ko‘ra, aynan Rossiya masalasida Makmaster va Tramp o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelishi mumkin — Milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha yangi maslahatchi ogohlantirganki, AQSh Rossiyaning quruqlikdagi harbiy harakatlari oldini olish salohiyatini yo‘qotib bormoqda.
Nashrning yozishicha, Ukrainada inqiroz boshlanganida Makmaster AQShning tahliliy guruhiga boshchilik qilgan. Bu guruh AQSh armiyasi Rossiyaning harbiy yutuqlariga qanday javob qaytara olishi mumkinligini aniqlashga harakat qilgan.
"Ko‘rinib turibdiki, bizning armiyamiz Afg‘onistonda va Iroqda bo‘lganida Rossiya AQSh imkoniyatlarini o‘rgangan va zaif jihatlarni aniqlagan", — degandi u o‘tgan yili Senat komissiyasida.
Taxmin qilinishicha, Makmaster tashabbusi bilan oldindagi yillar davomida AQSh armiyasi tubdan isloh qilinadi.
Shiddatli, ammo betoqat emas

Washington Post jurnali yozishicha, Makmasterning Flinndan farqli yana bir jihati "juda mustahkam". U quntli, shiddatli ammo betoqat emas. Unda yumor tuyg‘usi ham yetarlicha topiladi. Nashr AQShning tashqi siyosati bo‘yicha mutaxassislardan birining so‘zlarini keltirgan: "Makmaster kamon yoyi kabi to‘g‘ri".
"Bu Rossiya bilan munosabatlarda xushomadgo‘ylik qiladigan, NATOga tuhmat qilib unga yopishib oladigan, yoki butun musulmon dunyosini yomonotliq qilishga urinadigan odam emas", deya yozadi nashr.
Yaqin Sharqdan AQSh uchun kelishi mumkin bo‘lgan terrorizm tahdidi haqida u shunday degandi: "terrorizmga qarshi urush islomga qarshi urushga aylanmasligi kerak".
Makmaster Flinndan farqli o‘laroq, FQB tuzoqlariga chap bera olishi kutilmoqda.
CNN telekanali tekshiruvlar natijasida Flinning javoblari to‘g‘ri deb topilgani haqida xabar qildi. U Rossiya elchisi Sergey Kislyak bilan nimalar to‘g‘risida gaplashganini aniq eslay olmaydi, ammo uni kuzatganini yashirib o‘tirmagan FQB u suhbat haqida byuro xodimlarini aldamaganini, uning hech qanday yomon niyati bo‘lmaganini qayd etdi.
Mavzuga oid
15:58 / 06.03.2026
Tramp Eron rahbarligi uchun «uch yaxshi nomzod» borligini aytdi
09:35 / 26.01.2026
Xitoyda nufuzli generallarga qarshi tergov boshlandi
14:12 / 18.01.2026
Tramp e’lon qilgan ilk linkor $22 mlrd turishi mumkin
19:19 / 09.01.2026