O‘zbekiston | 22:00 / 22.02.2017
32122
4 daqiqa o‘qiladi

Naqd pulsiz avtobuslar: yo‘l haqi to‘lovi maxsus yo‘l kartochkalari yordamida amalga oshiriladi

Avtobus parklarini modernizatsiya qilish va yangilash loyihalarini moliyalashtirishga oid mablag‘lardan oqilona foydalanish maqsadida 2017-2020 yillarda “O‘zavtosanoat-lizing” mas'uliyati cheklangan jamiyatining boshlang‘ich kapitalini oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi bo‘lim boshlig‘i Galina Magay ma'lumotiga asoslanib, O‘zA xabar bermoqda.

Lizing kompaniyalari hamda avtomobillarda yo‘lovchi tashuvchi sub'yektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni 2022 yilning 1 yanvariga qadar qator majburiy to‘lovlardan ozod etish taklif qilinmoqda. Xususan, qishloq joylarida avtobus va mikroavtobusda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan haydovchilar besh yil mobaynida yo‘lovchi tashuvchilar uchun belgilangan yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi. 

– Tasdiqlangan dasturda avtovokzal va avtostansiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan. 37 yangi avtostansiya barpo etish va 37 mavjud avtostansiyani rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash imkonini beradi, – dedi Galina Magay.  

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi zimmasiga yo‘lovchi tashuvchilar ishini muvofiqlashtirish, sifatli va xavfsiz tashishni ta'minlash uchun qulay sharoitlar yaratishni ko‘zda tutadigan, shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil yo‘lovchi tashish yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatish huquqini beradigan namunali shartnomalar ishlab chiqish va tasdiqlash yuklatilgan. 

Ayni paytda agentlik tomonidan yo‘nalishlarni monitoring qilish bo‘yicha yangi markazlashgan tizim ishlab chiqilmoqda. Umumiy foydalanishdagi har bir avtobus va mikroavtobusga GPS-navigator o‘rnatiladi. Bu qurilmalar harakatlanayotgan transport vositasi harakatining vaqti, tezligi va yo‘nalishiga oid ma'lumotlarni real vaqt rejimida qayd etadi. Avtomobillarda yo‘lovchi tashish huquqini beruvchi litsenziya hamda yo‘lovchi avtomobil yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma talablari qay darajada bajarilayotganini tizimli nazorat qilish imkonini beradi. Yo‘l haqi to‘lovini naqd pulsiz amalga oshirish tizimi ham bosqichma-bosqich joriy etiladi. Buning uchun maxsus yo‘l kartochkalari xarid qilish kifoya. Bu kabi yangiliklar yo‘lovchi tashish sifatini nazorat qilish, haydovchilarning yo‘lovchilar huquqlari va o‘rnatilgan tariflarga rioya etishini ta'minlash, ma'lum toifadagi yo‘lovchilarning transport xizmatlaridan bepul foydalanishini kafolatlashga xizmat qiladi. 

Ishlab chiqiladigan yangi yo‘nalishlar uchun so‘nggi bekatlar barpo etish ko‘zda tutilgan, hozir ularning namunaviy loyihalari ishlab chiqilmoqda. Ushbu bekatlar yengil konstruksiyalar va arzon materiallardan barcha qurilish standartlariga rioya etilgan holda quriladi. Shuningdek, barcha viloyatlarda yo‘nalishning ish tartibi, transport harakati yo‘nalishlari, uning bekatga yetib kelish vaqti ko‘rsatilgan elektron axborot taxtalari o‘rnatiladi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid