18:13 / 22.02.2017
21024

Jahonda O‘zbekiston meva-sabzavotlariga talab nega katta ekanligi ma'lum bo‘ldi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Shveytsariyaning Vionovatic kompaniyasi bilan hamkorlikda "Biologiyalashgan qishloq xo‘jaligi va uning organik dehqonchilikdagi o‘rni" mavzusida seminar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekistonda shakllangan sabzavotchilik va bog‘dorchilik madaniyati azaldan mahalliy o‘g‘itlardan foydalanishni ko‘zda tutadigan biologik dehqonchilik prinsiplariga asoslangan. Bu geni modifikatsiya qilinmagan, ekologik toza meva va sabzavotlar yetishtirish imkonini bermoqda. 

Ma'lumki, organik qishloq xo‘jaligi – atrof-muhitga zarar keltiradigan kimyoviy vositalardan foydalanmasdan biologik xilma-xillikni asraydigan, ekotizimni yaxshilaydigan, tuproq unumdorligini oshiradigan, insonlar salomatligini muhofaza qiladigan ishlab chiqarish tizimi hisoblanadi. Ayni vaqtda rivojlangan mamlakatlarda import qilinayotgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlariga organik tizimlarga muvofiq sertifikatlar talab etilmoqda. Bu esa O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, uning ajralmas tarkibiy qismi hisoblangan qishloq xo‘jalik ekinlarining turli kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashishning biologik usullarini rivojlantirishni talab etmoqda.

– Zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashda ekologik sof usullardan foydalanish, biologik mahsulotlar ishlab chiqarish va qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda yetakchi hisoblanadi, – deydi “Biosifat” markaziy laboratoriyasi mudiri, biologiya fanlari nomzodi Zuhra Saidova. – Yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarning 90 foizdan ortig‘i biologik usul yordamida parvarishlangani bois jahon bozorida, xususan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa mamlakatlarida ularga talab ortib bormoqda.

Seminarda O‘zbekistonda organik qishloq xo‘jaligining amaldagi holati va istiqbollari, texnik va iqtisodiy asoslari, organik mahsulotlar yetishtirish, o‘simliklarni oziqlantirish va himoya qilishning biologik usullari, organik qishloq xo‘jaligi tamoyillari va usullari haqida ma'ruzalar tinglandi. Vionovatic kompaniyasi biologik preparatlar ishlab chiqarish borasida taqdimot o‘tkazdi.

Top