21:21 / 23.02.2017
19490

Poytaxt fuqarosi yo‘lsozlardan avtomobiliga yetkazilgan zararni undirmoqchi: buning uchun nima qilish kerak?

Toshkent shahridagi mavzelar oraliqlaridagi ko‘chalar ahvolini qo‘ya turaylik, serqatnov yo‘llardagi chuqurlardan minglab haydovchilar aziyat chekayotgani bor gap. Biroq, ularning barchasi yo alamini ichiga yutish yoxud ovozini boricha bo‘ralab so‘kish bilan cheklanib qolishmoqda. Yo‘lsozlarga nisbatan biror choraga hech kim botina olmaydi. Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Yuriy esa, aksincha, avtomobiliga yetkazilgan zararni undirish maqsadida oxirigacha kurashishga ahd qildi. U suratlar va nima bo‘lganiga oid matnni o‘z sahifasida joylashtirdi. Podrobno.uz shu masalaga diqqatini qaratgan.

"Voqea kechga yaqin sodir bo‘ldi. Yo‘lning chap yo‘lagi bo‘ylab uyga ketayotgandim. Qayerda deysizmi? Yunusobod ko‘prigi uzra. Bu ko‘prikda ertalab va kunduzi biror jiddiy ish olib borilmayotgan edi, chamamda. Kutilmaganda zarba va ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Chap tomondan fshshshshsh ovozi eshitildi. Natijani suratda ko‘rishingiz mumkin. Aslida bu surat matn maqsadiga javob beradi. DAN xodimlarini chaqirdim. Ular YTHni ro‘yxatga olishdi. Yo‘lsozlarni jazolaymiz", – deb yozgan Yuriy. Podrobno.uz agentligi bunga e'tibor qaratgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, albatta, zaxira g‘ildiragini qo‘yib, tinchgina uyga ketaverish oson va keyinchalik atigi 20 ming so‘m to‘lab diskni to‘g‘irlatib olish mumkin edi. 

"Shunchaki, sinab ko‘rgim keldi. Serj Ikramov’dan uzr so‘rayman kech vaqt bezovta qilganim uchun. Shu bilan birga ekspertizagacha borishda (DAN xodimlari o‘z mashinasida borishni istashmadi) va zaxira balonini almashtirishda yordam bergani uchun rahmat aytaman. Maqsadim - amortizatorlar, qalpoqcha, disk va razvalni almashtirish. Sudni kutyapman", - deb yozadi Yuriy. 

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston tajribasida bu kabi murojaat kuzatilmagan. 
«Yo‘ldagi chuqurchaga avtomobilingiz bilan duch kelib qolsangiz kim aybdor?» degan savolga yo‘l tashkiloti yoki sudda javob olishingiz mumkin. Aslida ham qonunchilikda yetkazilgan zararni to‘lash qoidasi mavjud. Biroq, buning uchun barchasini qonunan to‘g‘ri bajarish kerak. Demak, diqqat qilamiz. 

Birinchidan, yo‘llarda chuqurchaga tushgan vaqtda to‘xtab, haloqat chirog‘ini yoqish va halokat belgisini boshqa avtomobillar haydovchilarini ogohlantirish maqsadida mashinadan 10-15 metr uzoqlikka o‘rnatish zarur. 

Ikkinchidan, YTH guvohlarining ism-shariflari, telefon raqamlari, manzillarini yozib olish kerak. 

Uchinchidan, shahar, tuman yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilinib, YTHni ro‘yxatga olish uchun xodimlarni yuborish so‘raladi. Bunda qo‘ng‘iroqni qabul qilgan xodim lavozimi va ismi-sharifi so‘raladi. Yuriy bilan bo‘lganidek, DAN xodimlari yetib kelishi mumkin. Biroq, sizga xodimlarni yuborishni rad etishlari hamda mustaqil ravishda DAN bo‘limiga borib, YTHni ro‘yxatdan o‘tkazish so‘ralishi ham mumkin. Bu holda shunday qilish maqsadga muvofiq. 

To‘rtinchidan, YHXBga borishdan avval, YTH chizmasi chiziladi. Chizmada yo‘l atrofi va chuqurlikning o‘lchami (uzunligi, kengligi, chuqurligi) aks etishi kerak. Imkon bo‘lsa, suratga olish va bunda chuqurchaga biror narsani tik joylashtirib suratga olish lozim. Bu yo‘l qoplamasiga yetkazilgan zarar hajmini aniqlashga yordam beradi. Chuqurchaga qo‘yilgan narsani yo‘qotmaslik zarur, chizmaga guvohlardan biri bilan imzo qo‘yiladi. 

Beshinchidan, YTHni YHXBda ro‘yxatdan o‘tkazgach, YTH haqidagi ma'lumotnomada sizning qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganingiz haqida eslatma yo‘qligiga ishonch hosil qiling. Agar, DAN xodimlari tomonidan shunga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, YHXB rahbariga 1) unga nisbatan Qoidani buzganlik bo‘yicha xulosani bekor qilish; 2) ariza bo‘yicha belgilangan muddatda yozma javob berish; 3) yo‘lning ushbu qismiga mas'ul yo‘l xizmatlariga nisbatan xulosa berish; 4) hamda ushbu yo‘l qismi uchun javobgar shaxslar haqida ma'lum qilishni so‘rab ariza berishingiz mumkin.

Oltinchidan, YTH ro‘y bergan yo‘l qismiga mas'ul bo‘lgan yo‘l xo‘jaligi va xizmatiga borib yetkazilgan zararni baholating.

Yettinchidan, YTHga uchragan yo‘l qismiga mas'ul tashkilot rahbariga «Yetkazilgan zararni sudgacha qoplash» nomi bilan talabnoma kiritish. Unda sodir bo‘lgan voqeani batafsil ma'lum qilish, asosiysi yetkazilgan zarar – shina bahosi, shinomontaj ishlari, zarar yetkazilgan disklarni ta'mirlash qiymati asoslangan holda ko‘rsatilishi kerak. Asosli xarajatlardan tashqari, «tasdiqlanmagan xarajatlar» - masalan, zaxira balonlarini YTH joyiga olib kelish kabilarni kiritish ham mumkin. 

Shu bilan birga, da'vo arizasida tashkilot zararni qoplashdan bosh tortsa va ish sudgacha yetib borsa, tashkilot ko‘proq xarajat qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini eslatib qo‘yish ham foydadan xoli bo‘lmaydi. 

Misol uchun, jabrlanuvchi yollagan advokat xarajatlari, jabrlanuvchining sudda bo‘lishi vaqtida ish haqidan mahrum bo‘lishi kabilar shular jumlasidan. 
Shundan so‘ng, da'vo arizasida talab qilinayotgan tovon pulini hisob raqamiga yoki naqd ko‘rinishda berish so‘raladi. Ariza so‘nggida, qonunda belgilangan tartibda (bu kabi murojaatlar besh ish kunida ko‘rib chiqilishi kerak) yozma javob berish talab etiladi. Javob berilmagan yoki talabingiz rad etilgan taqdirda sudga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi. 

Top