14:16 / 24.02.2017
12186

O‘zbekistonning turli hududlarida hunarmandchilik markazlari paydo bo‘ldi

Foto: O‘zA

O‘zbekistonda ichki va xorijiy sayyohlikni rivojlantirish maqsadida keng qamrovli amaliy choralarni ko‘rish rejalashtirilmoqda. Xususan, Buxoroda 42 yo‘nalishdagi hunarmandlik maktabidan iborat «Buxoroda milliy hunarmandlar markazi» hamda gilamdo‘zlik muzeyi tashkil etish rejalashtirilgan. 

Bu bilan O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlarni milliy hunarmandchilik va gilamdo‘zlik an'analari bilan tanishtirish, gilamlarni to‘qishning qadimgi usullaridan xabardor qilish hamda xohlovchilarga ushbu jarayonda o‘zlari ishtirok etishlariga imkoniyat taqdim etish belgilangan. 

O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Rishton tumanida kulolchilik markazi tashkil etiladi. Mazkur chora sayyohlarga O‘zbekiston milliy kulolchilik san'ati, oliy sifatli mahsulotlarni tayyorlashning qadimgi usullaridan ma'lumot berish, istagan kishilarga shaxsan ishtirok etish imkonini beradi. 

Bundan tashqari, Farg‘onaning Marg‘ilon shahrida Xonatlas markazi tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu ham sayyohlarni o‘zbeklarning an'anaviy ipak matosi bo‘lgan xonatlasni xorijlik sayyohlarga tanishtirish hamda uni YuNeSKOning nomoddiy madaniy merosiga kiritish uchun sharoit yaratadi. 

Shu bilan birga, Namangan viloyatining Chust tumanida temirchilik muzeyi barpo etiladi. Ma'lumki, chust pichoqlari o‘zlariga xos shakli va sifati bilan mashhurdir. Sayyohlarni ushbu pichoqlarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishtirish maqsadida muzey huzurida temirchilik sexlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Unda sayyohlar shaxsan ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. 

Ushbu markaz va muzeylarning 2018 yil mart-iyun oylarida amalga oshiriladi. Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi saytiga joylashtirilgan «O‘zbekiston Respublikasida o‘rta istiqbolda turizmni rivojlantirish bo‘yicha Kontseptsiyasini hayotga tatbiq etish choralari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida so‘z yuritilgan. 

Top