Jamiyat | 22:31 / 26.02.2017
6730
2 daqiqa o‘qiladi

Zimbabve prezidentining 93 yoshiga 93 kg lik tort tayyorlandi

Zimbabve prezidenti Robert Mugabe 93 yoshiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etdi. Tantanalar mamlakatning ikkinchi raqamli shahri Bulavayodan 40 km uzoqlikda joylashgan Matobo milliy bog‘ida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Cameroon Concord nashri. Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bayram kechasi 2 mln dollarga tushgan. 

Tantanalarda mamlakatning hukmron partiyasidan bir necha ming kishi ishtirok etgan. Mehmonlar Zimbabve ko‘rinishidagi 93 kg lik tort bilan mehmon qilindilar. 

Mugabe bayramga o‘z suratlari va partiya gullari bilan bezalgan kostyum kiydi, uning rafiqasi Greys ham shunga o‘xshash ko‘ylakda bo‘lgan.

Mugabening bayram nutqi bir soatdan ko‘proq davom etgan. Tinib-tinchimas prezident 37 yillik hukmronligidan keyin ham hokimiyatni topshirmoqchi emasligini aytgan.

2016 yil sentabrda Mugabe o‘ziga atalgan haykal ochilishida ishtirok etgandi va dekabrda yangi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yishini aytgandi. Uning rafiqasining aytishicha, turmush o‘rtog‘ining hattoki murdasi ham saylovlarda g‘olib bo‘ladi va u vafot etadigan bo‘lsa, uning nomini saylov byulletenlariga kiritishga va'da bergan.

Zimbabve dunyoning eng nochor davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat mushkul iqtisodiy vaziyatda qolgan, giperinflyatsiya va ulkan byudjyet defitsitini boshidan kechirmoqda. Mugabe diktatura va muxolifatni tahqirlashda ayblab kelinadi.

Mavzuga oid