Jamiyat | 09:54 / 01.03.2017
6630
2 daqiqa o‘qiladi

FT: Barak va Mishel Obama memuarlari 60 mln dollarga xarid qilinadi

AQShning 44-prezidenti Barak Obama (2009-2017) va uning rafiqasi Mishel xotiralarni yozishni yakunlashayapti. Ular ikki kitobga bo‘lgan mualliflik huquqini rekord bahoga – 60 mln dollarga sotishni rejalashtirishmoqda. Jahonning bir necha yetakchi nashriyotlari esa juftlik bilan bitimni imzolashga tayyor, deb yozadi Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi.

Ta'kidlanishicha, memuarlarni chop etish huquqi uchun kurash olib boruvchi eng yirik nashriyotlar orasida Penguin Random House, Simon & Schuster, taniqli avstraliyalik magnat Rupert Merdokka tegishli HarperCollins nashriyot uylari bor. FT gazetasining o‘z manbasiga asoslangan holda yozishicha, hozirda Obamalarning xotira kitobi uchun huquqni sotib olishga Penguin Random House yaqin turibdi. Ayni nashriyot Barak Obamaning avvalgi uch kitobini ham chop qilgan.

Ushbu nashriyot uyi 2004 yilda AQShning 42-prezidenti Bill Klintonga "Mening hayotim" tarjimai-holi uchun 15 mln dollar to‘lagan edi. Amerikaning 43-prezidenti Jorj Bush kichikning "Burilish lahzalari" kitobi 10 mln dollarga baholangan. 

Obamaning "Otamning orzulari" (1995) va "Umid qo‘polligi" (2006) kitoblariga kitobxonlar orasida hamon talab kuchli. Muallif birinchi asari uchun 6,8 mln dollar, ikkinchisi uchun 8,8 mln dollar haq olgan. 

FT nashrining qayd etishicha, hozircha AQShning 44-prezidentining rasmiy vakili yoki adabiy agenti ushbu xabarlarga izoh bermagan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid