Jahon | 14:02 / 01.03.2017
23438
4 daqiqa o‘qiladi

Qamoqda IShIDga odamlarni yollagan o‘zbekistonlik 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Sud Rossiyaning Tambov viloyatida joylashgan koloniyada bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini 29 yil va 10 oylik koloniya jazosiga mahkum etdi. U jazoni ijro etish muassasasidagi musulmonlarni IShID safiga yollagan.

Federal xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi 1989 yilda tug‘ilgan G.Otaxonov 17 yoshidan “Tabligi jamoat” xalqaro diniy tashkilotga a'zo bo‘lgan shaxslar bilan aloqada bo‘lgan. 2011 yilda u O‘zbekistonda jinoiy javobgarlikka tortilishdan qochib Moskva viloyatida yashay boshlaydi. FXX boshqarmasining ta'kidlashicha, shu bilan birga, Otaxonov “Tabligi jamoat”ning Moskva shahridagi bo‘linmasi tarkibiga kirgan, bu tashkilot esa Rossiyada taqiqlangan.

“U “jamoat”ning boshqa ishtirokchilari bilan birga IShIDga sodiqligini bildirgan. Uning vazifasiga Rossiya Federatsiyasi hududida soxta pul qog‘ozlarni o‘tkazish bo‘yicha funksiyalar kirgan. Bundan tushgan mablag‘lar esa IShIDni moliyalashtirishga ketgan”, - deyiladi FXXning hudud bo‘yicha boshqarmasi xabarida.

2013 yilning yanvarida Otaxonov Vladimir viloyatida qo‘lga olindi hamda soxta pul yoki qimmatli qog‘ozlarni tayyorlash, saqlash, olib o‘tish yoki o‘tkazish hamda soxta hujjatdan foydalanish moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortildi va 3 yilga umumiy tartibdagi koloniyaga hukm qilindi. 2014 yilda u Tambovning Sovetskiy tumani sudi tomonidan soxta pullarni tayyorlash, saqlash va o‘tkazishda yana aybdor deb topildi, hamda to‘rt yilga umumiy tartibdagi koloniyaga hukm qilindi.

“Tambov viloyati hududidagi jazoni ijro etish muassasalarida birida u Tojikiston fuqarolari bilan tanishib qoladi hamda ularni IShID tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etishga da'vat qila boshlaydi. U kameradoshlarini “g‘ayridinlar bilan urush” olib borish, butunjahon xalifatini qurish kerakligiga ishontirmoqchi bo‘lgan hamda Suriya va Iroq hududlarida jang olib borayotgan shaxslar haqida videoroliklar ko‘rsatgan”, - deb xabar bergan FXX.

Kuch mahkamasi ma'lumotiga ko‘ra, Otaxonov Tojikistonning uch nafar fuqarosiga IShIDga sodiqlik bildirishni taklif qilib, ozodlikka chiqarilishlaridan avval Rossiya bo‘ylab harakatlanish yo‘nalishlari, berkinish usullari, shuningdek ularga Suriyaga borishda yordam berishi mumkin bo‘lganlar haqida aytib bergan. Tojikiston maxsus xizmatlari bilan o‘zaro hamkorlikda yollangan shaxslar qo‘lga olindi, 2016 yilning fevralida esa FXX Otaxonovga nisbatan “terrorchilik faoliyatiga ko‘mak berish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

“Moskva okrug harbiy sudi tomonidan Otaxonov G.Z. aybdor deb topildi... unga olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi... Jinoyatlarni umumlashtirgan holda Otaxonov G.Z.ni 29 yil va 10 oyga ozodlikdan mahrum etish belgilandi. U jazo muddatini qattiq tartibdagi koloniyada o‘taydigan bo‘ldi”, - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid