09:08 / 01.03.2017
9055

Malayziya sudi Kim Chen Namning qotilligi bo‘yicha ayblovlar qo‘ydi

Foto: AP

Malayziya sudi Vetnam va Indoneziyaning ikki nafar fuqarosiga Kuala-Lumpur aeroportida KXDR yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Namning o‘ldirilishi bo‘yicha ayblovlar qo‘ydi. Bunday qaror Sepanga shahridagi quyi sud tomonidan chiqarildi.

"Ular jinoyat kodeksining 302-moddasi bo‘yicha ayblanmoqda", - deyiladi tarqatilgan bayonotda. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, bu modda bo‘yicha jinoyat sodir etganlik uchun eng og‘ir jazo – osish orqali o‘lim jazosidir. Oliy jazo haqidagi hukmni esa faqatgina qirollik Oliy sudi chiqarishi mumkin.

Indoneziyalik fuqaro himoyachisining jurnalistlarga xabar berishicha, "ish yuzasidan sud jarayoni bir necha oydan so‘ng boshlanishi mumkin".

Malayziya politsiyasi Kim Chen Namning o‘ldirilishidan bir kun o‘tib Indoneziyaning 25 yoshli fuqarosi Siti Aysia hamda Vetnamning 29 yoshli fuqarosi Doan Txi Xuongni qo‘lga oldi. Ular suiqasd haqida bilishmaganini, noma'lum shaxsni chuv tushirish bo‘yicha o‘ziga xos hazilda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rishganligini aytishgan. Biroq huquq-tartibot organlari ayollar Kim Chen Namni atayin zaharlashgan, degan fikrda.

Ushbu ish bo‘yicha yana bir necha kishiga gumonlanuvchi sifatida qaralmoqda. Qizlardan tashqari Malayziya va KXDR fuqarolari qo‘lga olindi, yana 4 nafar shimoliy koreyalik Kuala-Lumpurni hodisa ro‘y bergan kunda tark etishgan va ayni damda Pxenyandalar. Kuch mahkamasi yana ikki kishini – KXDRning Malayziyadagi elchixonasi va Shimoliy Koreyaning Air Koryo aviakompaniyasi xodimlarini so‘roq qilishni rejalashtirgan.

Top