Jahon | 19:54 / 01.03.2017
13075
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘sulda yana bir ommaviy qabr topildi

Iroqlik faollar Mo‘sul janubida, Rudju tumani hududida IShID qurbonlari ko‘milgan ommaviy qabrni aniqlashdi. Bu haqda mahalliy aholi vakillaridan biri Muhannad Mahmudga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar tarqatgan.

Faollar qishloqlardan biri yaqinida jangarilar tomonidan o‘ldirilgan tinch aholi vakillari ko‘mib tashlangan o‘raga duch kelishgan. U yerdan 15 kishining jasadi qoldiqlari topilgan. Jasadlarning bo‘yniga zanjir bog‘langani izlari aniqlangan. Bu kishilar otib tashlangan edi.

Iroq hududidagi IShIDning oxirgi tayanch nuqtasi bo‘lmish Mo‘sul shahri shu kunlarda ozod etilish arafasida. Bu shaharni IShIDdan qaytarib olish uchun Iroq hukumati 2016 yilning 17 oktabrida keng ko‘lamli yurish boshlagandi. 2017 yilning 17 yanvarida shaharning sharqiy qismi Iroq hukumati qo‘liga o‘tdi. 24 fevral kuni Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy shaharning g‘arbiy qismini ozod etish uchun amaliyot boshlanganini e'lon qildi. Amaliyotda Iroq armiyasini shia va kurd bo‘linmalari, shuningdek, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya samolyotlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Bugun shaharni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi oxirgi yo‘l ham Iroq harbiylari nazoratiga olindi va endi IShID shahar ichkarisidan jangarilari va harbiy texnikasini olib ketish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Mavzuga oid