Jahon | 10:29 / 01.03.2017
3838
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasidagi aviaqatnov yozda yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Ukraina va O‘zbekiston Kiyev hamda Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviatashuvlarni yangilash yuzasidan muzokaralarni davom ettirishmoqda, deb xabar qilgan Ukraina diplomatik missiyasi rahbari Yuriy Savchenko Sputnik O‘zbekiston nashriga.

Savchenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu masala o‘tgan yilning dekabr oyida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti davomida ko‘tarilgan. Natijada barcha tegishli davlat tuzilmalariga tegishli jihatlarni ishlab chiqish topshirig‘i berilgan.

“O‘zbekistonga yaqinda Ukraina davlat aviaxizmati delegatsiyasi hamda "Ukraina xalqaro avialiniyalari" vakillari tashrif buyurishgan edi. Ular O‘zbekistonning tegishli davlat xizmatlari va "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi vakillari bilan uchrashdilar”, deyiladi xabarda

Uchrashuv natijasini ijobiy deb ham atash mumkin: ikkala aviakompaniya ham ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida aviaparvozlarni qayta tiklashga tayyor ekanliklari va bu zarurligini qayd etishdi, ammo bu yerda reyslar chastotasi muammo bo‘lib turibdi", — deya ta'kidlagan ukrainalik diplomat.

O‘zbekiston tomon yaqin muddatda Ukrainaga aviatashuvlarni yo‘lga qo‘yishga tayyor. Parvozlar muntazamligi hozircha haftasiga bir kunni tashkil etishi Toshkentga ma'qul kelmoqda. Keyinchalik reyslar soni ko‘paytirilishi mumkin.

Boshqa bir tomondan esa Ukraina aviakompaniyasi haftasiga ikki marta reyslarni amalga oshirishga tayyor. Nega deganda, ularning fikricha faqat shundagina bu parvozlar iqtisodiy tomondan foyda keltirib, o‘zini oqlashi mumkin.

"Men yana shuni aytmoqchimanki, "Ukraina xalqaro avialiniyalari" haftasiga yana ikki-uchta qo‘shimcha reyslarni ochishga va Samarqand, hamda Farg‘ona vodiysiga parvozlarni amalga oshirishga tayyor. Ammo O‘zbekiston avialiniyalari o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarida yo‘lovchilar kamayib ketishidan havotir olmoqda. Qisqasi, tomonlar reyslarni ochish kerak, degan to‘xtamga kelganlar, ammo barcha shartlar xususida kelgusi — mart oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda kelishib olish rejalashtirilmoqda. Umid qilamanki, kelayotgan yoz mavsumida bu yo‘nalishda biror natijaga erishamiz", — degan Yuriy Savchenko.

Mavzuga oid