Jamiyat | 21:18 / 02.03.2017
15011
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar IIBBda matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida voyaga yetmaganlar orasida jinoyat sodir etish hollari pasaymoqda. Xususan, 2016 yil davomida shahar bo‘yicha 298ta jinoyat (asosan, o‘g‘rilik, bezorilik) voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Bu raqam 2015 yilda 374tani tashkil etgan. 

2017 yil 2 mart kuni “Profilaktika kuni” munosabati bilan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasida OAV vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida shu haqda ma'lum qilindi. Unda Toshkent shahri prokurori o‘rinbosari Yorqin Abdullayev va Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Tashxodjayevlar 2017 yil 23 fevralidan 1 mart kunigacha bo‘lgan hafta davomida olib borilgan ishlar yuzasidan axborot berishdi, deb xabar qiladi Kun.uz muxbiri. 2017 yil yanvar oyi bo‘yicha bu boradagi ko‘rsatkich 9tani tashkil etgan. 2016 yilning shu oyida voyaga yetmaganlar 15ta jinoyatni sodir etgani qayd etilgan edi. 

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan haftaning payshanba kunlari respublika hududida “Profilaktika kuni” deb belgilandi. Mazkur topshiriqni bajarish yuzasidan O‘zbekistonning barcha shahar va tumanlar qatori Toshkent shahri prokuraturasi va IIBB hamkorlikda amaliy choralar ko‘rilmoqda. 

Jumladan o‘tgan bir hafta mobaynida ichki ishlar xodimlari tomonidan profilaktika ishlari natijasida 58 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs aniqlangan. Internet-kafelarda tungi vaqtlarda voyaga yetmaganlarning bo‘lmasligi borasida maxsus reydlar olib borilgan. 

Bundan tashqari, shahar hududida yashirin tarzda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 9ta fohishaxona va qo‘shmachilik manzilgohlari aniqlangan. Shu bilan birga, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish borasida 22 mingga yaqin turli qoidabuzarliklarga qarshi choralar ko‘rilgan. 

Brifingda OAV xodimlarini qiziqtirgan turli masalalar yuzasidan ma'lumotlar berildi.

Mavzuga oid