08:05 / 03.03.2017
9348

Bitkoin ilk bor oltindan qimmatroqqa baholandi

Bitkoin narxi ilk bor jahon bozorida bir oltin untsiyasi qiymatidan oshib ketdi. Bundan savdolar haqidagi ma'lumotlar darak bermoqda.

Payshanba kungi holatga ko‘ra, Kraken elektron birjasida bitkoin narxi 2,45 foizga o‘sib, bir bitkoin uchun 1255 dollarni tashkil qildi. Nyu-Yorkdagi Comex birjasida esa oltin uchun aprel fyuchersi 17,20 dollarga yoki 1,38 foizga tushib ketib, untsiya uchun 1232,80 dollarni tashkil etdi.

CryptoCompare asoschisi va bosh ijrochi direktori Charlz Xeyterning fikricha, kriptovalyuta qiymatining o‘sishi unga bo‘lgan talabning ortgani bilan bog‘liq. Sarmoyadorlar bitkoinni xavfsiz aktiv sifatida yoki aksiyalar qiymati tushib ketganda sotib olishmoqda, deb yozadi MarketWatch agentligi.

Shuningdek bitkoin kursiga AQShning qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi birinchi birja sarmoya bitkoin-jamg‘arma Winklevoss Bitcoin’ni ro‘yxatdan o‘tkazishni ma'qullashi mumkinligi ham ta'sir ko‘rsatmoqda. Idora o‘z qarorini 11 martga qadar qabul qilishi kerak.

Moliya amaliyotlar uchun ishlatish mumkin bo‘lgan bitkoin virtual valyutasi 2009 yilda paydo bo‘lgan. Uni internetda tovar va xizmatlarni xarid qilish, shuningdek an'anaviy valyutalardan biriga almashtirish ham mumkin. O‘tgan yilda ko‘plab g‘arb banklari bitkoinlar bilan ishlashni boshlashgani haqida ma'lum qilishgan.

Mavzuga oid
Top