09:25 / 03.03.2017
6856

Yevroparlament AQShga nisbatan viza tartibini kiritishga chaqirdi

Foto: AP

Yevroparlament 2 martdagi Bryusseldagi sessiyasida Yevrokomissiyani ikki oy ichida Yevropa Ittifoqining AQSh bilan viza tartibini vaqtinchalik tiklash bo‘yicha choralarni qabul qilishga chaqiruvchi majburiy xarakterda bo‘lmagan rezolyutsiyani qabul qildi. Bu rezolyutsiya AQShning Yevropa Ittifoqining 5 ta davlati fuqarolariga vizasiz kirishni berishni rad etayotganiga javob tariqasida qabul qilingan.

Ayni vaqtda AQShda Ruminiya, Bolgariya, Xorvatiya, Kipr va Polsha fuqarolariga viza tartibi amal qiladi. Vashington Yevropa Ittifoqining qolgan davlatlari fuqarolariga vizasiz kirishga ruxsat bergan. Biroq AQSh fuqarolariga Yevropa Ittifoqiga kirishda hech qanday viza cheklovi yo‘q. Kanada ham AQShga o‘xshash yo‘l tutgan, biroq u Yevropa Ittifoqining yuqorida nomi aytilgan 5 ta davlati bilan 2017 yil 1 dekabrdan vizasiz tartibni kiritishni o‘z zimmasiga olgan.  

Yevropa Ittifoqining 2001 yildagi qaroriga ko‘ra, vizasiz tartib kiritilgan uchinchi davlatlar 24 oy ichida Yevropa Ittifoqi fuqarolari uchun vizalarni bekor qilmasa, unda bu "bu uchinchi davlatlar fuqarolariga vizasiz tartib amal qilishini to‘xtatishga" olib kelishi mumkin. Bunday huquq  Yevrokomissiyaga berilgan. U uchinchi davlatlar bilan 12 oyga viza tartibini to‘xtatish taklifini berish huquqiga ega.

AQSh va Kanada bilan bog‘liq vaziyatda Yevropa Ittifoqining "javob qadami" muddati 2016 yil apreldayoq tugab bo‘lgan. Bu davlatlar Yevropa Ittifoqi bilan viza siyosatidagi o‘zaro yaqinlikka rioya qilmayotganlari haqida 2014 yil aprelda ogohlantirilganlar. 

Yevrokomissiyadan tashqari, uchinchi davlatlarga nisbatan vizasiz tartibni to‘xtatish qarori Yevroparlament va Yevropa Ittifoqi kengashida ma'qullanishi kerak.

Mavzuga oid
Top