Jahon | 00:49
515
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron bilan kelishuv 14 iyun kuni imzolanishini ma’lum qildi

Avvalroq Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy AQSh bilan nizoni muvofiqlashtirish bo‘yicha memorandum 14 iyun kuni imzolanishini rad etgan, ammo bu yaqin kunlarda sodir bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Foto: AP

AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini imzolash 14 iyunga rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi Donald Tramp. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, kelishuv tuzilishi bilanoq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha uchun ochiladi.

Kelishuvga muvofiq, Eron yadroviy qurolni «sotib olish, ishlab chiqarish yoki boshqa har qanday yo‘l bilan» qo‘lga kiritmaydi, deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

«Vaqti kelib, vaziyat tinchigach, biz u yerga boramiz va ajoyib V-2 bombardimonchi samolyotlarimiz yordamida qudratli granit tog‘lar ostiga chuqur ko‘milgan yadroviy changni chiqarib olamiz», — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.

Uning aniqlik kiritishicha, boyitilgan uran Eronda yoki AQShda yo‘q qilinadi.

Trampning fikricha, hozirda AQSh va Eron o‘rtasidagi munosabatlar avvalgi AQSh ma’muriyatlari davridagidan yaxshiroq.

«Biz Eron va butun Yaqin Sharq bilan uzoq muddatli hamkorlikka umid qilmoqdamiz. Bu jarayon tez, oson va muammosiz o‘tishiga ishonamiz. Agar bunday bo‘lmasa, bizda juda yaxshi muqobil variant bor, umid qilamanki, uni boshqa hech qachon qo‘llashga to‘g‘ri kelmaydi», — dedi Donald Tramp.

Avvalroq Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Bag‘oiy AQSh bilan nizoni muvofiqlashtirish bo‘yicha memorandum 14 iyun kuni imzolanishini rad etgan, ammo bu yaqin kunlarda sodir bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining ma’lum qilishicha, kelishuv ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan: avval 14 banddan iborat memorandum imzolanadi, so‘ng mojaroni butkul yakunlash bo‘yicha 60 kunlik muzokaralar o‘tkaziladi.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid