«Eron Islom Respublikasi bilan kelishuv endi to‘liq yakunlandi», – deb yozdi AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington vaqti bilan yakshanba kuni taxminan soat 17:30 larda.

«Men shu tariqa Ho‘rmuz bo‘g‘ozini hech qanday to‘lovlarsiz (erkin) ochishga to‘liq ruxsat beraman va shu bilan bir vaqtda, Amerika Qo‘shma Shtatlari Harbiy-dengiz kuchlari blokadasini zudlik bilan olib tashlashni buyuraman. Dunyo kemalari, dvigatellaringizni ishga tushiring. Neft oqsin!» degan AQSh yetakchisi.

Snimok ekrana 2026-06-15 v 08.32.02

Trampning posti – urushda vositachilik vazifasini bajargan Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif dushanba kuni erta tongda kelishuvga erishilganini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay paydo bo‘ldi.

Sharif o‘z postida ushbu pakt «barcha jabhalarda, shu jumladan Livanda ham harbiy operatsiyalarni zudlik bilan va butunlay to‘xtatishni» ko‘zda tutishini aytdi.

Livan muzokaralardagi eng bahsli masalalardan biri bo‘lib kelayotgan edi. Chunki Isroil va Hizbulloh so‘nggi haftalarda Tramp va boshqalarning bir-biriga hujumlarni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini inobatga olmayotgandi.

Reutersʼning yozishicha, anglashuv memorandumi juma kuni Shveytsariyada rasman imzolanishi rejalashtirilgan. Ammo, kelishuvning aniq shartlari hozircha ma’lum emas.

Eron ham tasdiqladi

Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibiyati bayonotida aytilishicha, dushanba oqshomidan boshlab barcha jabhalarda, jumladan Livanda ham urush va harbiy operatsiyalar butunlay to‘xtatiladi.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiyning so‘zlariga ko‘ra, 60 kunlik otashkesim davrida yanada keng qamrovli kelishuv, jumladan, Eronga nisbatan sanksiyalarni yumshatish masalasi muhokama qilinadi.

Yana bir murakkab masala – Eron yadro dasturining taqdiri ham ushbu keyingi muzokaralarda ko‘rib chiqiladi.

Kelishuv e’lon qilinishidan oldin, Eronning yuqori martabali mulozimi AQSh Eronning muzlatilgan 25 milliard dollarlik aktivlarini blokdan chiqarishga rozi bo‘lishini aytgan edi. Tramp ma’muriyati esa avvalroq Eron pullarining har qanday shaklda qaytarilishi faqat Eron tinchlik kelishuvi doirasidagi muayyan shartlarni bajarganidan keyingina amalga oshishini bildirgan.