O‘zbekiston | 17:44 / 03.03.2017
8639
4 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston elchisi Namanganda. Viloyatda qo‘shma agrosanoat zonasi tashkil etiladi

Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayev mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishish hamda O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasida viloyatlar miqyosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini o‘rganish uchun 2 mart kuni Namangan viloyatiga keldi. Bu haqda Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Dastlab Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a'zosi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda viloyat iqtisodiy-sanoat salohiyati haqida so‘z bordi, shuningdek, qo‘shma agrosanoat zonasi tashkil etish muhokama qilindi.

So‘ngra, Yerik Utembayev O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Qobiljon Jamolov va viloyatdagi turli sohalarda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub'yektlari rahbarlari bilan uchrashdi.

"Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo aylanmasi 2 milliard dollarni tashkil etmoqda, lekin hukumatlarimiz bu miqdorni besh milliardga yetkazishni rejalashtirishmoqda. Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga qiladigan safari doirasida bu borada qator yangi kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Lekin biz, katta biznes aloqalar bilan bir yonda, ikki mamlakat viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes doirasida ham o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishimiz kerak", deydi Qozog‘iston elchisi.

"Bugungi kunda Qozog‘istonda yirik biznes rivojlangan, lekin kichik va o‘rta biznes bizda oqsamoqda. Agar O‘zbekistonda bu sektorning YaIMdagi ulushi 82 foiz bo‘lsa, bizda 30-40 foizni tashkil etadi. Shunday ekan, Qozog‘iston kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun o‘zbek tajribasini o‘rganish kerak. Faqatgina hamkorlikni savdo bilan bog‘lamasdan, qo‘shma korxonalar tashkil etishni birinchi o‘ringa chiqarishimiz kerak.

Namanganlik tadbirkorlar elchiga o‘z korxonalari va ishlab chiqarayotgan mahsulotlari haqida gapirib berishdi, qozoq biznesi bilan hamkorliklari holatini tahlil etishdi, mavjud imkoniyatlar va sherikchilik salohiyatini namoyish etishdi.

Namanganning tekstil tajribasini bugun bemalol dunyo tekstili tajribasi sifatida amalga tatbiq etsa bo‘ladi, sababi viloyatingiz korxonalarida tikilgan kiyimlar juda taniqli brendlarga aylanib ulgurdi. Qolaversa, mana hokim bilan uchrashuvda Namanganda qo‘shma agrosanoat zonasini tashkil etish masalasini muhokama qildik. Kelgusida Markaziy Osiyoda bemalol dunyodagi eng yirik meva-sabzavot klasterini tashkil etish mumkinligini nazardan qochirmasligimiz kerak", – deya davom etgan elchi.

4 mart kuni Yerik Utembayev Namangandagi qator ilg‘or ishlab chiqarish korxonalari bilan yaqindan tanishadi, o‘zbek-qozoq biznesi hamkorligining istiqbollarini muhokama qiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid