22:33 / 05.03.2017
7599

Tramp va Abe o‘rtasidagi golf o‘yinida kim g‘olib bo‘lgandi?

Foto: Reuters

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe yapon hukumatining AQShga tashrifi davomida prezident Donald Tramp bilan bo‘lgan golf o‘yini natijalarini oshkor etishni istamadi. Kyodo agentligi shu haqida xabar berdi. 

"Kim g‘olib bo‘lgani - davlat siri hisoblanadi, - deya hazillashdi Abe. - Biroq janob Tramp haqiqatda ajoyib o‘yinchi ekan". Shu vaqtning o‘zida Yaponiya bosh vaziri uning o‘sha kungi eng birinchi zarbi "butun hayotidagi eng yaxshi besh zarbidan biri" bo‘lganini ta'kidlagan. 

Manbaga ko‘ra, Donald Tramp bilan o‘tgan golf o‘yini mavzusi bundan avval Abening hukmron koalitsiya vakillari bilan kechki ovqat ustida uchrashganida ham ko‘tarilgan. Unda bosh vazir o‘z vatani va xorijda jiddiy tanqidga yo‘liqqan AQSh prezidenti bilan bunday norasmiy vaziyatda uchrashishini kutmagani haqida so‘zlagan. Shunda Abe golf o‘yini vaqtida Tramp ikki marta to‘pni nishonga urganini aytgan. 

Abe va uning Tramp bilan ishonchli munosabat o‘rnatish niyati bosh vazirning siyosiy raqiblari tomonidan tanqid ostiga olindi. Yapon muxolifat partiya vakillarining fikricha, AQShning amaldagi prezidenti bilan haddan ziyod yaqin aloqalar Yaponiyaning Yevropa mamlakatlari bilan munosabatlariga putur yetkazishi mumkin.

Sindzo Abening Qo‘shma Shtatlarga tashrifi fevralning birinchi yarmida amalga oshirilib, ikki qismdan iborat bo‘ldi. Birinchi kuni tomonlar Vashingtonda muzokaralar o‘tkazishdi, shundan keyin Abe va Tramp Amerika prezidentiga tegishli Palm-Bichdagi "Mar-aLago" maskaniga yo‘l olishdi. Bu yerda ikki davlat yetakchisi golfda bellashishdi. 

Mavzuga oid
Top