Jahon | 19:38 / 06.03.2017
9517
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng qadimgi aviatashuvchi kema mehmonxonaga aylantirilishi mumkin

AFP 2017/ Indranil Mukherjee

Dunyoda faoliyat yurituvchi eng qadimgi aviatashuvchi kema hisoblanuvchi, Hindiston harbiy-dengiz kuchlarining "Viraat" kemasi hisobdan chiqarildi, uning keyingi taqdiri yaqin oylarda hal qilinadi.   

Kema bilan xayrlashish marosimi Mumbayda bo‘lib o‘tdi. Shom vaqtida aviatashuvchi kemada harbiy-dengiz kuchlarining bayrog‘i tushirildi. Marosimda harbiy-dengiz kuchlarining boshlig‘i Sunil Lanba, kemaning sobiq sardorlari ishtirok etishgan.

Bu orada kemaning keyingi taqdiri borasida aniqlik yo‘q. Lanbaning aytishicha, bu borada bir nechta variant mavjud. Ulardan eng pessimistik variant uni utillashtirish hisoblanadi. Bu agar kemaga 4-6 oy ichida xaridor topilmasa yuz beradi. 

Yana bir variant shundan iboratki, kema muzey va sayyohlar tashrif buyuradigan joyga aylantiriladi. Lanbaning aytishicha, kema sayyohlar dayving-sessiyalar vaqtida o‘rgana olishlari uchun cho‘ktirib yuborilishi mumkin.

Bundan tashqari, Andxra-Pradesh shtati hukumati kemani mehmonxonaga aylantirish istagini bildirgan. Biroq bu loyiha 150 mln dollarga baholangan. 

"Viraat" 27800 tonna suv sig‘imdorligiga ega bo‘lib, qurollanishga 1987 yilda olingan va "Vikramaditya" kemasi (Rossiyaning sobiq "Admiral Gorshkov" kemasi) kelmaguncha, ya'ni 2013 yilgacha Hindiston harbiy-dengiz kuchlarining bayroqdor kemasi bo‘lgan. 

"Viraat" ham xorijdan – Buyuk Britaniyadan keltirilgan. Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlarida u Hermes nomi bilan ma'lum bo‘lgan va 1959 yildan 1984 yilgacha qurollanishda bo‘lgan.

Shu tariqa, kema deyarli 60 yil, ulardan 30 yil Hindistonda faoliyat yuritgan. Bu vaqt ichida kema 1,1 mln km suzib o‘tgan, bu esa 27 marta dunyoni to‘liq aylanib chiqish bilan barobardir. Ginness rekordlar kitobiga ko‘ra, "Viraat" harbiy flot xizmatida bo‘lgan eng qadimgi aviatashuvchi kema hisoblangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid