Light | 22:16 / 06.03.2017
23450
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanishning salbiy jihatlari o‘rganildi

Foto Getty

Twitter, Instagram, Facebook, YouTube va boshqa ijtimoiy servislardan ko‘p foydalanish insonning yolg‘izlanib qolishiga olib kelar ekan. American Journal of Preventive Medicine tibbiy jurnalida chop etilgan tahlil natijalari shundan dalolat bermoqda.

Tadqiqotchilar ijtimoiy tarmoqlar yolg‘izlik hissi va muloqot yetishmovchiligidan xalos bo‘lishga yordam bermasligi, aksincha - ularni kuchaytirishini aniqlashdi. Bunga qadar esa olimlar izolyatsiya hissini yoshlar orasidagi yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari bilan bog‘lashgan edi.

Media, texnologiya va salomatlik tadqiqot markazi direktori Brayan Praymakning so‘zlariga ko‘ra, ruhiy salomatlik va ijtimoiy izolyatsiya masalasi yoshlar orasida epidemiya darajasigacha ko‘tarilgan.

"Biz tabiatimizga ko‘ra, ijtimoiy mavjudotmiz, biroq zamonaviy hayot bizni yaqinlashtirish o‘rniga bir-birimizdan uzoqlashtirmoqda. Aftidan, ijtimoiy media muloqotdagi bo‘shliqni to‘ldirish imkonini beradi, biroq tadqiqot bu insonlar umid qilishi mumkin bo‘lgan yechim emasligini ko‘rsatdi".

Brayan Praymak, yetakchi tadqiqot muallifi

2014 yilda Praymak hamkasblari bilan birga 19-32 yoshlardagi 1787 nafar amerikalikni so‘roq qilishdi. So‘rovnoma mavzusi eng mashhur 11 ijtimoiy tarmoqdan foydalanishga qaratilgan edi. Shundan so‘ng ular kompyuterdagi testlar va bir necha psixologik so‘rovnomalar yordamida respondentlarning ijtimoiy izolyatsiya darajasini aniqlashdi.

Ma'lum bo‘lishicha, kuniga ikki soatdan ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazuvchi o‘smirlar internetga 30 daqiqadan kam vaqt sarflovchi tengdoshlariga qaraganda yolg‘izlikdan ikki barobar ko‘p aziyat chekishar ekan. Shuningdek bir haftada 58 marta ijtimoiy tarmoqlarni ziyorat qiluvchi respondentlar ijtimoiy tarmoqlarga haftasiga to‘qqiz martagacha kiruvchi so‘rovnoma ishtirokchilariga nisbatan uch karra ko‘p yolg‘izlikka moyil bo‘lishar ekan.

Tadqiqot mualliflarining ta'kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarning ziyoni haqida uzoq muddatli xulosalar qilishga hali erta. Zero ular dastlab nima  paydo bo‘lgani - yolg‘izlik hissimi yoki ijtimoiy tarmoqlarga qiziqish - bilishmaydi.

"Ehtimol, dastlab o‘zlarini yolg‘iz his qilgan yoshlar ijtimoiy tarmoqlarga qiziqish bildirishgan yoki ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanish haqiqiy hayotdan ajralib qolishga olib kelgan. Bu ikki omil uyg‘unligi ham bo‘lishi mumkin".

Elizabet Miller, tibbiyot fanlari doktori va pediatriya professori

Olimlarning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning bo‘sh vaqtini olib qo‘yadi, ular bu vaqt davomida real insonlar bilan muloqot qilishlari mumkin. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar hamkasblar va do‘stlar hayotini kuzatish imkonini beradi, buning natijasida odamlarda hasad yoki o‘z hayotidan qoniqmaslik hissi paydo bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid